2023 yil dekabr oyida mutaxassislar AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinga prostata saratoni tashxisini qo`yib, unda jarrohlik amaliyotini o`tkazdi. Yanvar oyi boshida esa Pentagon rahbari operasiya asoratlari tufayli shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Merilend shtatidagi Uolter Rid tibbiyot markazi bayonotiga tayanib Meduza xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2023 yil dekabr oyining boshlarida o`tkazilgan navbatdagi tekshiruv vaqtida Ostinga “davolanishni talab qiluvchi prostata saratoni” tashxisi qo`yilgan. Shu munosabat bilan, 22 dekabr kuni unda “minimal invaziv” jarrohlik operasiyasi o`tkazilgan.
Mutaxassislarning xabar berishicha, 2024 yil 1 yanvarda vazir Ostin dekabrdagi proseduradan keyingi asoratlar, jumladan qorin, son va oyoqlardagi kuchli og`riqlar va bosh aylanishi tufayli Uolter Rid tibbiyot markaziga yotqizilgan.
“Dastlabki tekshiruvda siydik yo`llari infeksiyasi aniqlandi”, deyiladi markaz xabarida.
2 yanvar kuni bemor reanimasiya bo`limiga o`tkazilgan. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, Ostin tuzalmoqda va ular vazirning “to`liq sog`ayib ketishini” kutmoqda. Markazning aniqlik kiritishicha, bu uzoq jarayon bo`lishi mumkin.
Shifokorlarning ishontirishicha, yanvar oyida shifoxonaga yotqizilganidan beri vazir “hech qachon hushini yo`qotmagan yoki umumiy behushlik ostida bo`lmagan”.






