Ushbu Qonun loyihasini 208 nafar deputat qo`llab-quvvatladi, ikki nafari esa ovoz berishda betaraf qoldi. Endi hujjat prezident Yun Sok Yol tomonidan imzolanishi kerak.
Itni o`ldirgan shaxs uchun uch yil qamoq jazosi va 30 million koreys voni (taxminan 23 ming dollar) miqdorida jarima tayinlanadi.
Itlarni tanovul qilish uchun ko`paytirgan yoki bila turib it go`shtidan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotini sotib olgan, tashigan, saqlagan yoki sotganlar ham jarimaga tortiladi va qamoq jazosiga hukm qilinadi. CNN nashrining aniqlik kiritishicha, qonun loyihasida it go`shtini iste`mol qilganlik uchun jazo nazarda tutilmagan.
Fermer xo`jaliklari, restoran egalari va it go`shti sanoati bilan shug`ullanadigan boshqa shaxslarga o`z bizneslarini yopish uchun uch yil vaqt beriladi.
Janubiy Koreya rasmiylariga ko`ra, mamlakatda 1100 ga yaqin it fermasi mavjud bo`lib, ularda yarim millionga yaqin it boqiladi. Fermerlar qonun loyihasiga norozilik bildirib kelishadi. Ularning hisob-kitoblariga ko`ra, qonun kuchga kirgach, millionga yaqin odam ishsiz qolishi mumkin.
Janubiy koreyaliklar it go`shtidan bosqichma-bosqich voz kechib kelishmoqda. 2022 yilda Gallup Korea tomonidan o`tkazilgan so`rovnomaga ko`ra, respondentlarning atigi 8 foizi it go`shtini iste`mol qilishini bildirgan, 2015 yilda esa bu ko`rsatkich 27 foizni tashkil qilgan.
Qo`shimcha ma`lumot o`rnida: Hukumat statistikasiga ko`ra, it go`shtidan tayyorlangan mahsulotlarni sotuvchi 1150 ga yaqin it fermasi, 34 ta go`shtni qayta ishlash zavodi, 219 ta distribyutor va 1600 ga yaqin restoran mavjud.






