1

Anqara ustida porlar mungli oy

Mutolaa 18.01.2024, 23:04
Anqara ustida porlar mungli oy

Kech tushib, kuni bilan olamni buzgan shovqin-suron tindi. Motamsaro oy yorug`i yoritib turgan Chubuk daryosi bilan Qizilchako`y oralig`idagi janggohdagi sukunatni faqat o`liklar bilan aralash-quralash bo`lib yotgan yaradorlar va jon berayotganlarning ingroqlari, egasiz qolgan, besaranjom va uyum-uyum murdalardan hayiqib, yurishga yo`l topolmay bezovtalangan hurkak otlarning notinch kishnashlari buzardi.

Bu keng maydonda qandaydir bir soya jonsiz jasadlar orasidan zo`rg`a qadam tashlab, tentirab yurardi. Bulutlar changalidan yulg`inib chiqqan oy shu`lasi ustiga tushdi-yu, soya qiyofasi yorishdi. U o`g`li jasadini izlab yurgan Ona – turk onasi edi. Ona ko`zlaridan oqayotgan shoshqator tomchilar oy nurida yaltirab tovlanardi. U farzandi ismini aytib chaqirar, farzandiga atagan shirin so`zlarini aytib bo`zlardi. Uning bu bo`zlashlari bir-biri bilan urushib, bir-birini chavaqlagan va qiynalib jon berayotgan har ikki taraf navkalari uchun yaqin va tanish edi. Bechora ona tilidan ko`chgan so`zlar har ikki tomon anglaydigan tilda – turk tilida edi. Bir tilda so`zlashgan, ammo hukmdorlari til topolmaganlari uchun bir-birlariga tig` o`qtalgan navkarlar dunyodan ko`z yumish oldidan quloqlariga eshitilgan ona nolasi ostida, uzoqlarda qolgan volidalari nomlarini tilga olib, jon berardilar.

Ona janggohda uzoq tentirab yurdi. Uzoq vaqt uning nolasi oy nuri chulg`agan maydon uzra goh kuchayib, goh pasayib jaranglab turdi.

— O`g`ilginam!.. O`g`lonim!.. Qutlug`begim!.. – xitob qilardi onaizor yig`i va qayg`udan zaiflashgan titroq tovush bilan. Ba`zan yurakni ezuvchi yig`i onani bo`g`ib, so`zini bo`lib qo`yardi. Shu kuyi u janggohni uch aylandi.

Shu payt ona qulog`iga ingragan tovush eshitildi. Dam o`tmay ingragan tovush yana eshitildi, ingragan odam endi qandaydir bir so`zni aytganday bo`ldi. Ayol tovush chiqarib, juda sekinlik bilan uning nomini aytganini eshitdi.

Ayolning avzoyi badani titrab ketdi, peshonasidan marjon-marjon sovuq ter chiqdi, dahshatdan ko`zlari qinidan chiqib ketay dedi. Kimdan so`rayotganini o`zi ham bilmasdan, baland ovoz bilan so`radi:

— Kim u?!.. Meni chaqirayotgan kim?

Javob eshitilmadi. Ammo dam o`tmay…

Ona dong qotib qoldi, ko`zlari dahshatdan kengayib ketdi. U o`g`lining tovushini tanigan edi.

— Ena!.. Enajon! – dedi o`g`lining tovushi.

— Yo tavba! Yo Xudoyim!.. – Esini yo`qotgudek holatga tushgan ona baqirib yubordi. – Nahotki?! …Nahotki, bu sen bo`lsang, o`g`lonim, Qutlug`begim?!

Ona tovush kelgan tomonga bir daqiqa angrayib qaradi-da, keyin birdan murdalar ustidan hatlab, esini yo`qotgan telbadek talmovsirab yugurib ketdi. Nihoyat, o`sha joyga etib borib, o`g`lining tovushi bir-birining ustida qalashib yotgan jasadlar orasidan chiqayotganini bildi. So`ng ancha zo`r berib, o`g`li tanasini uyum ostidan tortib oldi. Oy nuri bolasining yuzini yoritdi. Ko`zlaridan shashqator yosh oqib turgan onaizor qattiq ho`ngrab yubordi:

— Bu qanday ko`rgulik bo`ldi? Kim seni bu holga soldi?

U birdan g`azab bilan qaddini rostlab, qo`lini ko`tarib kimgadir tahdidona baqirdi:

— Ming la`nat senga! Ming la`nat!

O`g`lining qattiq ingrab yuborgani onani hushiga keltirdi. U o`g`li ustiga egilib, uning yuz-ko`zidan o`parkan, siniq tovush bilan bo`zladi:

— Tirikmisan, bolam, tirikmisan?!.. Xudoyimga ming qatla shukur, ming qatla shukur! Hozir men yaralaringni bog`layman… uyga olib boraman…

Onaning o`tli lablarining tegishidan va bo`zlashidan jon berayotgan o`g`li bir oz hushiga kelib, so`nayotgan ko`zlarini sal ochdi-da, zaif tovush bilan shivirladi:

— Sovuqqotyapman, onajon… Tezroq meni uyga olib bor…

So`nggi so`zlarni aytar-aytmay uning tovushi tobora xirillab, zaiflasha boshladi, onasini ko`rib ko`nglida uyg`ongan quvonch hayajondan uning madori butunlay quridi.

— Onajon! – dedi u zo`rg`a tovush chiqarib. – Men… men… o`layotibman…

Ona birdan farzandi olamdan ko`z yumayotganini angladi.

— O`lmay tur, bolam… – deb bo`zladi ona, — Meni yolg`iz tashlab ketma… Sensiz men qanday yashayman?!..

O`g`il so`nggi marta ko`zlarini ochib onaga tikildi va qo`llarini volidasiga cho`zgan holda birpaslik talvasadan keyin jon berdi. Yig`lashga ham madori qolmagan ona o`g`li jasadini mahkam quchoqladi.

Anchadan keyin jasadni bir amallab yashilrang jun choyshabga o`radi va bor kuchini to`plab, uni sudrab keta boshladi.

Ayol keksaligiga qaramay hali baquvvat edi. Yig`lab-bo`zlab jasadni sudrab borarkan, goh birdan to`xtab qolar, nimalarnidir o`z-o`ziga telbahol uqtirar va yana turli alpozda yotgan murdalar oralab yo`l bosardi.

U yana to`xtadi, yana o`z-o`ziga so`zlay ketdi:

— Men seni otang bilan bobong yoniga qo`yaman, o`g`lim! U er yaxshi, qishlog`imiz ko`rinib turadi. Men ham hovlimizdan turib mozoringni ko`rib turaman… Ko`ramanu, seni eslayman, yig`layman, duolar aytaman… Senga bolalik chog`laringda…

Shu payt ona yonida kimdir ingrab yubordi. Ona turgan joyida atrofga alangladi-yu, qarshisida unga katta-katta ko`zlarini qadab turgan jangchini ko`rdi. Ona bir zum oy nuri zo`rg`a yoritib turgan jangchi yuziga razm solarkan, dong qotdi. Yigit o`g`liga o`xshab ketardi. O`shanday quyuq qoshlar, o`shanday qirra burun, o`shanday qalin lablar, o`shanday navjuvon, o`shanday kelishgan… Yo rabbim, ular ikki tomchi suvdek bir-birlariga o`xshar edilar! Faqat ona bu ingrab yotgan yigitning ust-boshidan uni turkistonlik ekanini fahmladi. Qachonlardir uning ota-bobolari yashagan Turkistondan… Balki bu yigit bobosi ona yurtimiz deb rivoyat qilgan Nurota tog`laridandir?! Nega u o`z xeshlari boshiga qilich ko`tarib keldi?!

Shularni o`ylarkan, ona yigitga nisbatan na qahr, na nafrat tuydi. Faqat unga rahmi keldi, xolos. Turkistonlik jangchiga yaqinlashgan ayol egilib yigitning yarasini ko`zdan kechirdi. Elkasi chopilgan, ko`p qon yo`qotib uzoq hushsiz yotgan, rang-ro`yi qordek oppoq yigit onadan ko`zini uzmasdi. U o`zini dunyoga keltirgan onasini ko`rib turardi. Qarnob dashtida cho`ponlik qiladigan otasi qaerda ekan? U go`yo isitmalab yotibdi-yu, onasi unga parvona bo`lib turibdi. U jilmayib onasini ovutishga urindi:

— Dashtda qorbo`ronda adashib qolibman, ena!.. Kim meni uyga olib keldi?.. Enajon, ichim yonayapti, suv ber… Qo`rqma, ena, qo`rqma, men albatta tuzalib ketaman!.. Otamga aytmadingmi?.. Aytma… Halizamon otdek bo`lib ketaman… O`zim otamga aytib beraman… Ichim yonib ketyapti!.. Ena, deyapman… Suv ber! Qarab turavermay, suv bersang-chi!..

Ona turkistonlik yigitning alahsirayotganini sezdi. “Yarasi og`ir”, — deb o`yladi ayol. So`ng elkasidagi junro`molni olib yigitning ustini yopdi. Bir zum yarador qoshida o`yga botib turdi-da, yana o`g`li jasadi o`ralgan choyshabni sudrab yo`lga tushdi. Bir necha qadam yurar-yurmas, yigitning tovushini eshitib, to`xtadi.

— Ena, deyapman!.. Ena, suv ber!..

Jang maydonining chetida uning aravasi turardi. Ho`kiz qo`shilgan aravani ona qo`shnisidan so`rab olgan edi. Ona bir amallab o`g`lining jasadini aravaga ortdi. So`ng xivchin bilan ho`kizni haydagan bo`ldi-yu, qo`li qotib qoldi. U yana turkistonlik jangchini… o`g`liga o`xshab ketadigan yigitni ko`z o`ngiga keltirdi. Nihoyat, keskin burilib, ortiga qaytdi. Yigit hamon alahsirab yotar, hamon onasidan suv berishni o`tinardi. Ona junro`mol bilan yigitning elkasini tang`ib bog`ladi, so`ng o`zi bilan olib kelgan qo`y terisini erga yoyib yigitni unga sudrab olib o`tdi.

“Uyga olib borib, liboslarini almashtirish kerak! Bo`lmasa, qo`shnilar uni o`ldirib qo`yishlari turgan gap… Yarasi og`ir, ammo tangri marhamat qilsa, tirik qolishi mumkin. bechoraning onasi hozir nima qilayotgan ekan-a?” – o`ylardi to`lin oy yorug`ida qo`y terisi ustida yotgan yigitni sudrab borarkan.

Bir necha daqiqadan keyin birida hayot so`ngan, boshqasida hayot ilib turgan ikki jangchi tanasi ortilgan arava Qizilchako`y tomonga qarab yo`l oldi. Aravaga qo`shilgan ho`kizni dunyoning eng mahzun onasi etaklab borardi.

Oy to`lin, tong yaqin, ona qayg`usi nihoyasiz edi…

Xurshid DAVRON

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1