AsosiyMoziydan sado

Xadichabegim: Ziddiyatlar qurshovidagi malika

'Xadichabegim: Ziddiyatlar qurshovidagi malika'ning rasmi

Tarixdan Temuriy malikalar o`zining aqlu zakovati, iste`dodi, fasohati, bunyodkorligi bilan o`ziga xos nom qoldirgan.

Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Xonzodabegim, Gulbadanbegim, Zebuniso singari malikalar ana shular jumlasidandir. Ammo, ular orasida antiqa fe`l-atvori ila tarixda noxush iz qoldirganlari ham yo`q emas. Ana shunday hukmron ayollardan biri Xadicha begim edi. 

Manbalarda keltirilishicha, u 1451 yilda Hirotda, Amir Muhammad Sariq oilasida tug`ilgan. Ma`lumotlarga ko`ra, uning otasi dastlab Shohrux mirzo, keyinchalik Abulqosim Bobur saroyida xizmat qilgan. 1456 yilda  Abu Said mirzo Hirotni egallagach, unga qarshilik ko`rsatgan bir qator amirlar va beklarni tutib qatl ettiradi. Bir qismi qochib qutuladi. Chamasi, Muhammad Sariqning ham boshiga shunday kun tushgan va uning ahli ayoli Abu Said mirzo haramiga olib kelingan. Xuddi shu paytda Xadichabegim 15 yoshda edi. Abu Said mirzo uni ko`rib yoqtirib qolgan va nikohiga olgan.

1469 yilda Abu Said Qorabog`da Uzun Hasan bilan bo`lgan jangda engilib, qatl qilingach, Hirot taxtini Husayn Boyqaro egallaydi. Bu hodisa yosh malikaning hayotini tamomila o`zgartirib yuboradi. O`n sakkiz yoshli Xadicha Begim ham Husayn Boyqaroning haramiga o`tadi. O`sha paytda uning Abu Said mirzodan Oqbegim ismli qizi ham bo`lgan. 

Xadichabegim o`zining o`tkir zakosi, iltifoti, husnu malohati bilan boshqa kanizak va malikalardan ajralib turardi. Shu bois, yangi sultonni u osongina o`z asiriga aylantira oldi. Ma`lum fursatdan so`ng sulton uni ozod qilib o`z nikohiga oladi. Shu tariqa Xadicha begim haramning ulug` bekasi maqomiga erishdi. U shohning o`ziga bo`lgan muhabbatidan ayyorlik ila foydalanardi.

Mamlakatda yuqori rutbada turgan Alisher Navoiy ham Xadichabegimni nihoyatda hurmat qilgan, ayrim g`azallarida unga ishora qilib o`tgan.  Shoir g`azallarida malikani ta`riflovchi baytlar bisyor:

Avji davlat uzra bo`lsun doimo Bilqisi ahd.

 Kim, Zuhal qasrida har tun posbone besh emas.

(Sulaymon payg`ambarning ayoli - Bilqisdek obro`ga ega malika hamisha davlat tepasida bo`lsin, hatto Zuhal yulduzi ham uning saroyida soqchilik qilishdan boshqasiga arzimaydi).

Xadicha begim Boyqarodan ikki o`g`il ko`rgan: Shoh G`arib va Muzaffar mirzo. Shoh G`arib mirzo o`zining tab`i nazmi, adabiyot va san`atga ishtiyoqi bilan hatto buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning ham e`tiborini qozongandi. Ikkinchi o`g`il Muzaffar mirzoni esa, adabiyotdan ko`ra ko`proq toj-taxt, saltanat qiziqtirardi.

Ammo taomilga ko`ra, taxt otadan so`ng katta o`g`il Husayn Boyqaroning katta xotini Beka Sulton begimdan tug`ilgan Badiuzzamon Mirzoga, undan keyin yosh shahzoda Mo`min Mirzoga qolishi kerak. Buni Muzaffar mirzo ham, onasi Xadicha begim ham istamasdi.

Toj-taxt kurashlari avjiga chiqqan bir paytda 1497 yilda Mo`min mirzo amakisi Muzaffar mirzo tomonidan asir olinadi va Hirotdagi Ixtiyoriddin qal`asiga yuboriladi. Xadicha begim vazir Nizomulmulk bilan til biriktirib, 11 yoshli shahzodani qatl etish haqidagi farmonni tayyorlashadi va shohning mastligida unga muhr bostirib olinadi. Shu tariqa hazrat Navoiyning suyukli shogirdi malikaning fitnasi sababli xoinona qatl etiladi. Shoh bu fojianing sababchilaridan ayovsiz qasos oladi. Jumladan, vaziri Nizomulmulkning ko`z o`ngida ikki o`g`lini qatl qilib, o`zini ham ming uqubatda o`ldirtiradi.  Ammo asosiy aybdor Xadicha begim shohning g`azabidan omon qoladi.

1506 yil aprelda Sulton Husayn Boyqaro vafot etadi. Xadicha begimning saltanat ishlariga aralashuvi natijasi o`laroq, taxtga ikki shahzoda — Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzo baravar o`tiradilar. Bu esa saltanat tanazzulini yanada tezlashtiradi.

Husayn Boyqaroning ta`ziyasini eshitib, Hirotga borgan Zahiriddin Muhammad Bobur marhumning yaqinlari qatori Xadichabegim, ammasi Oqbegim va uning o`g`illari bilan ko`rishib, ta`ziya bildiradi. (Xadichabegim Boburning o`gay buvisi bo`lib, otasi Umarshayx mirzo Abusaid mirzoning o`g`li edi. Xadichabegimning katta farzandi - Oqbegim Boburning ammasi edi.)

Aka-uka Badiuzzamon va Muzaffar mirzolar Boburni izzat-ikrom bilan kutib oladilar. Bobur Xadichabegimning qarorgohiga ham borib, unga shaxsan ta`ziya bildiradi, u bilan hamsuhbat bo`ladi.  “Boburnoma”da Xadicha begim haqida so`z yuritilarkan, “o`zini aqlli ko`rsatsa-da, aslida aqlsiz va sergap xotin edi” deya baho beriladi.

Bobur uzoq qarindoshlari bo`lgan Badiuzzamon va Muzaffar mirzolar bilan suhbat asnosida umumiy raqib - Shayboniyxonga qarshi ittifoq tuzishni taklif qiladi. Ammo uning bu taklifi Xuroson hukmdorlariga ma`qul kelmaydi va Bobur ortga qaytishga majbur bo`ladi.

Shayboniyxon Xurosonga hujum boshlaganda, Badiuz-Zamon Qorarabotda, Muzaffar Husayn Mirzo Tarnobda turardilar. Birinchi to`qnashuvdan so`ng ikki shahzoda ikki tarafga — Badiuzzamon safaviylar poytaxti Tabrizga, Muzaffar Astrobodga qochadilar. Hirot mudofaasi esa Xadichabegim rahbarligidagi uquvsiz beklar va mulozimlarga  qolgan edi. Xadichabegim hujumga puxta hozirlik ko`rish o`rniga munajjimlarga fol ochtirib, o`z qo`l ostidagi beklarning sadoqati va qudratiga mahliyo bo`lib o`tirganda, Shayboniyxon Hirot va uning tobeligidagi viloyatlarni tez fursatda  qo`lga kiritadi.

Shayboniylar davrida Xadicha begim Hirotdan tashqariga chiqmay, uy qamog`ida yashagan. Ma`lumotlarga ko`ra, Shayboniyxon malikani shaxsiy saroy kotibi Mansur baxshiga tortiq qilgan. 1509 yili o`g`li Muzaffar Husayn Mirzoning Astrobodda ekanligini eshitgach, Shayboniyxon tarafidan Hirot dorug`asi  qilib tayinlangan Jon Vafo Mirzodan ruxsat olib, o`g`lini ko`rgani Astrobodga boradi. Xadicha begim Astrobodga etib borganda, o`g`li Muzaffar Husayn Mirzo o`lim to`shagida yotardi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, Xadicha begim shu erda  o`g`lining ta`ziyasini o`tkazgach, yana Xirotga qaytib keladi.

Xadichabegim hayotining so`nggi yillari haqida aniq ma`lumotlar yo`q. Har qalay, 1510 yil, Hirot Shoh Ismoil tomonidan zabt etilganidan keyingi ma`lumotlarda Xadichabegim nomi uchramaydi. Xadichabegim taxminan shu davrda vafot etgan bo`lishi mumkin.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar

    'Eron shahanshohining o`zbek tilidagi farmoni'ning rasmi

    Moziydan sado 17.02.2024 23:35

    'Bobur sirg`a taqqanmi?'ning rasmi

    Moziydan sado 13.02.2024 23:27

    'Sayyid Olimxon: G`ariblikda jon bergan amir'ning rasmi

    Moziydan sado 04.02.2024 23:42

    'Behbudiyning qabri qaerda?'ning rasmi

    Moziydan sado 27.01.2024 22:58