1

Sharof Rashidov: Siz bilmagan 11 haqiqat

Mutolaa 23.01.2024, 23:01
Sharof Rashidov: Siz bilmagan 11 haqiqat

Yaqinda taniqli adib va jurnalist, O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi a`zosi Jaloliddin aka Safoevning “Sharof Rashidov: Siz bilmagan 11 haqiqat” kitobi chop etildi.

Ayrim kitoblar, insonni ilk sahifasi, ilk satrlari bilan o`ziga tortadi. Kitobni to so`nggi sahifasiga qadar o`qib tugatguningizcha qo`ldan qo`ygingiz kelmaydi. Bu gal ham shunday bo`ldi. Kitobni bir o`tirishda o`qib chiqdim.

To`g`ri, Sharof Rashidov haqida oldin ham ko`p gapirilgan, o`nlab maqolalar, kitoblar yozilgan, filmlar, ko`rsatuvlar suratga olingan. Davriy matbuotda o`nlab maqolalar chop etilgan. Har qalay biz ham shu insonning davrida tug`ilganmiz, bolaligimizdan u haqdagi gap so`zlar qulog`imizga tez-tez chalingan. O`quvchilik yillarimizda televidenie, ommaviy axborot vositalarida u haqda turli past-baland gaplar yoyilganidan ham xabarim bor.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishib, yurt uchun, Vatan uchun hayotini baxshida qilgan insonlar shaxsiga munosib baho berila boshladi. Lekin nima bo`ldi-yu, orada ma`lum vaqt uning nomini tilga olish cheklandi. Yaxshi gap ham yo`q, yomon gap ham... Go`yo O`zbekistonni salkam chorak asr boshqargan siyosiy arbob aslida umuman hayotda bo`lmagandek.

Faqat 2017 yilda uning tavalludiga 100 yil to`lish munosabati bilan Sharof Rashidov nomi tillarga qaytdi. Yirik tadbirlar, uchrashuvlar o`tkazildi. U tavallud topgan zaminda yodgorlik o`rnatildi, muzey tashkil qilindi. Asarlari qayta chop etila boshladi.

Shu munosabat bilan ko`plab hamyurtlarimiz qatori men ham Sharof Rashidovni qayta tanigandek bo`ldim. Uning davrida qurilgan inshootlar, “amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari”, uning davrida xalq xo`jaligilda erishilgan “misli ko`rilmagan yutuqlar”, fan va madaniyat rivojiga qaratilgan e`tibori haqida ko`p va xo`p yozildi, gapirildi. U  haqda bitilgan asarlarni goh kasb taqozosi bilan, goh oddiy o`quvchi sifatida o`qib chiqqanman. Ammo, to`g`risi, ushbu xotiralar, yodnomalar, suhbat va maqolalar ko`pincha bir-birining takroridan iborat edi.

Mazkur yangi kitobni qo`lga olarkanman “bu kitobda biror yangilik bormikin?” degan mulohaza xayolimning bir chetini tilib o`tgani rost. Ammo, Jaloliddin akaning ijodini uzoq yillardan beri kuzatib boraman: biror yangi gapi bo`lmasa, qog`oz qoralamaydigan mualliflardan. Shu sababli ikkilanmay mutolaaga sho`ng`idim.

Kitob avvalidagi “Damokl qilichi” degan uchqur iboraning yuzaga kelish tarixi haqidagi eslatmaning  o`zi asar xarakteri, maqsadini yaqqol ochib beradi.

Aytishlaricha, qadimgi Sirakuza hukmdori katta Dionisiy (er avv. 432-367)ning yaqin mulozimlaridan biri bo`lgan Damokl taxt sohibi haqida ichiqoralik va g`araz bilan gapirib, hukmdorni dunyodagi eng baxtli odam deb hasad qiladi. Hukmdor Dionisiy bu gapni eshitib, Damoklni taxtga o`tirishga majbur qiladi. Taxtga o`tirgan Damoklning boshi uzra esa, juda ingichka ot yoliga bog`langan qilich osib qo`yadi. Qilich osilgan ot yoli shunchalik omonat ediki, u istagan bir paytda uzilib ketib, taxtga o`tirgan odamning boshin kesishi muqarrar edi. Hukmdor Dionisiy vaqtinchalik “taxt sohibi” Damoklga “biz taxt sohiblarining “baxti” doimo boshimizni kesishga shay turgan ana shu omonat qilichda” deydi...

Muallif asar muqaddimasida bejiz bu qadim hikmatni esga olmagan. Chunki, XX asrdagi xalqimizning eng ulug` rahbari boshi uzra har doim ana shu “Damokl qilichi” osilib turganiga kitobni o`qib tugatganimda yana bir karra amin bo`ldim.

Darhaqiqat, Sharof Rashidov O`zbekiston tarixida munosib iz qoldirgan siyosiy arboblaridan biri edi. U  66 yillik umri davomida oddiy gazeta muxbirligidan to O`zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy qo`mitasining birinchi kotibi lavozimiga qadar sharafli va mashaqqatli yo`lni bosib o`tdi.

Uning Qizil imperiyaning qattiqqo`l siyosati davrida O`zbekiston uchun, o`zbek xalqi uchun qilgan ishlari salmog`i shunchaki ittifoq respublikalaridan birining rahbari darajasidan ancha vazminroq ekanini, bu sharafli vazifani uddalash qanchalik mashaqqat talab etganini yaqqol ko`rish mumkin.

Jaloliddin Safoev ana shu haqiqatni o`quvchiga anglatish maqsadida qo`liga qalam olarkan, siyosiy arbobning hammaga yod bo`lib ketgan tarjimai holidan iqtiboslar keltirib, zamon taqozosi bilan uni ko`klarga ko`tarish yo`lidan bormaydi.

Bunday gaplar Sharof Rashidov hayotligida ham gapirilgan, bugun ham gapirilmoqda. Muhimi, Sharof Rashidovni yaqindan bilgan, u bilan birga ishlagan, hatto kurashgan boshqa millat va elatlar, xususan “Markaz” vakillari qanday fikrda bo`lgani meni hamisha qiziqtirib kelardi.

Kitob muallifi boshqalarning ham ana shu haqdagi qiziqishlarini hisobga olib, imkon qadar “chetdan” bildirilgan fikr-mulohazalarni izlab topadi, o`quvchiga etkazadi, tahlil qiladi, qiyoslaydi...

Ma`lumki, Sovet davrida O`zbekiston bo`yicha KGB (Davlat Xavfsizlik qo`mitasi) raisini tayinlash to`liq Moskvaning izmida bo`lgan. Rashidov ham “markazdan tavsiya etilgan (aslida tayinlangan) rahbarni “bir ovozdan tasdiqlash vakolatiga ega edi xolos. Odatda bu idoraning O`zbekistondagi rahbari boshqa millat vakillari orasidan saralangan. Rashidov esa, har doim bu mansabga o`zbek millatiga mansub shaxs tayinlanishini istagan, kurashgan. Ammo, KPSS markazqo`mi bosh kotibi Leonid Brejnevdan “yumshoqqina” dashnom eshitib, ortga chekinadi. 1974 yilda markazdan Eduard Nordman ismli shaxs O`zbekiston Davlat xavfsizligi qo`mitasiga rais etib tayinlanadi.

O`sha paytda Rashidovning yordamidagi KGB raisi o`rinbosari lavozimini qo`lga kiritgan Levon Melkumov yillar davomida Nordmanni rahbarlarga yomonotliq qilib ko`rsatishdan to`xtamaydi va bunga hatto Rashidovni ham ishontira oladi. Oxir-oqibat Nordman ishdan olinadi. Rashidovning tavsiyasi bilan uning o`rniga Melkumov kelib o`rnashadi.

Ammo, 1983 yilda L. Brejnev vafot etib, uning o`rnini Yu. Andropov egallaganida, Melkumovning asl qiyofasi namoyon bo`ladi. Melkumov bevosita hamkasbi bo`lgan Andropov bilan to`g`ridan-to`g`ri aloqa o`rnatib, qaysidir ma`noda “O`zbek ishi” deb atalgan mash`um halokatning tamal toshini qo`ygandi.

Garchi, aynan Rashidovning aralashuvi bilan ishdan olingan bo`lsa-da, sobiq KGB raisi Nordman Rashidovning insoniy fazilatlari, mardligini oradan yillar o`tib ham ochiq extirof etgandi:

“Mendan ko`pincha Rashidov mafiya sardori edimi?” deb so`rashadi. Komil ishonch bilan “yo`q” deb javob beraman. U gonorarlari hisobidan to`liq ta`minotga ega inson edi. Uning pok va halol odam ekaniga ishonganman va hanuz ishonaman!”.

Kitobda bunday misollarni ko`plab keltirish mumkin. Asosiysi, muallif Rashidov shaxsiga baho berishda, biryoqlamalikka yo`l qo`ymaydi. Uning siyosiy portretiga xolis va haqqoniy chizgilar kiritib, shaxs faoliyatini siyosiy evrilishlar, turli jarayonlar fonida tahlil qiladi.

Ha, Rashidovning hayoti ham turfa tebranishlar, taloto`plar, baland-pastliklardan iborat edi. O`zbekistonda ham, markazda ham, hatto ittifoqdosh respublikalarda ham uning raqiblari, har qadamini poylab yurgan g`araz niyatli kimsalar yo`q emasdi. Ular Rashidovga qarshi goh oshkora, goh zimdan kurash olib borishdi. Uning mustahkam irodasini bukishga, hayotiy aqidalarini sindirishga urinishdi. Mazkur kitoblarda ularnin bir qanchasi haqida hikoya qilinadi.

Kitobda Rashidovning so`nggi kunlari va uning o`limidan keyin yuz bergan, hali-hanuz odamlar orasida turli mishmishlarga sabab bo`lib kelayotgan voqea-hodisalar, afsona va haqiqatlar to`g`risida ham to`xtalib o`tiladi. Rashidovning boshiga tushgan yaxshi-yomon kunlarni eslarkan, muallif ularning asl mohiyatni, sabablarini izlaydi. Rashidov hayotidagi zarbalar xususida so`z borarkan, xalqimizga xos bo`lgan ayrim salbiy jihatlarni ham kuyunchaklik bilan tilga olinadi.

“O`zini anglab etgan, qalbida g`urur, yuragida jasorat va eng muhimi tashqi dushmanga qarshi uyusha oladigan, qaerda bo`lmasin bir-birini qattiq qo`llab-quvvatlaydigan xalqni hech bir dushman enga olmaydi. Bu azaliy haqiqat. Engish mumkin, lekin tiz cho`ktira olmaydi.. Rashidovning eng katta dushmani esa “ichkarida” edi. U jonini jabborga berib, himoya qilayotgan xalqi orasida jipslik, birlik, afsuski, yo`q edi”.

Asar muallifi Sharof Rashidovning kurashlar, qarama-qarshiliklar ichida o`tgan hayot yo`lini, uning boshiga tushgan sinovlarni tahlil qilarkan, “hammasi o`zimizga, xalq bo`lib shakllanishimizo`ga bog`liq” degan xulosaga keladi.

Kitob Rashidov hayoti bilan bog`liq 11 sahifani yoritishga qaratilgan va muallif bunga erisha olgan. Ammo, hali buyuk siyosatchi, davlat rahbari, yozuvchi va madaniyat arbobi bo`lgan Sharof Rashidovning hali biz uchun qorong`i tomonlari ko`p. Jaloliddin akaning o`zi ham bu borada izlanishlar davom etishini bildirdi. Ammo, Sharof Rashidov hayoti qanchalik chuqur tadqiq etilsa, uning xalq, Vatan, ezguli yo`lida qanchalik qat`iyat va fidoyilik ko`rsatgani ayon bo`lib boraveradi. 

https://oyina.uz/uz/article/2438

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1