Qozog`istonda parlament deputatlari pedofil va terrorchilarning mamlakatga kirishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o`qishda ma`qulladi. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.
Bunday norma “Qozog`iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholi migrasiyasi va jazoni ijro etish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasida keltirilgan.
Uni deputat Magerram Magerramov ilgari surgan. Qonun loyihasi quyidagi asosiy qoidalarni o`z ichiga oladi:
- migrasiya sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilash;
- voyaga etmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblangan xorijliklarning mamlakatga kirishini va mamlakat fuqaroligini olishini cheklash;
- ekstremistik yoki terroristik faoliyat bilan shug`ullangan chet el fuqarolarining mamlakatga kirishini taqiqlash;
- favqulodda vaziyatlarda muddati o`tgan hujjatlardan foydalanish masalasini hal qilish.
“Yuqoridagi yangilikning joriy etilishi qonunchilikdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, migrasiya nazoratini yanada samaraliroq ta`minlash va aholini hujjatlashtirish tartiblarini takomillashtirish imkonini beradi”, — deydi deputat.






