Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2023 yil 6 fevraldagi rezolyusiyasiga asosan butun dunyoda 17 fevral – Umumjahon barqaror turizm kuni sifatida nishonlanadi. Albatta, turizm ijtimoiy munosabatlar va davlatlararo aloqalar ravnaq topgan bugungi globallashuv davrida har bir mamlakat iqtisodiyotining eng serdaromad yo`nalishlaridan biri sanaladi.
Statistika agentligi ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekistonda 2023 yilda xizmatlar ko`rsatish sohasida 5,8 mlrd dollar daromad olingan bo`lsa, shundan 41,4 foizi turizm hissasiga to`g`ri keladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda turizmning ko`plab turlari, shu jumladan ziyorat turizmi jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, Umra va Haj ziyoratini amalga oshirishda keng imkoniyatlar yaratilgan. 2023 yilda yurtdoshlarimizning 15 ming 150 nafari Haj, 43 mingdan ortig`i esa Umra ziyoratini bajarish baxtiga muyassar bo`lgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Xalqimizning ushbu savobli amallarni bajarishga bo`lgan intilishi va ehtiyoji nihoyatda yuqori. Shundan kelib chiqqan holda, Umra va Haj ziyoratlarini tashkil etishda o`z xizmatlarini taklif etayotgan sayyohlik idoralari soni ham ortib bormoqda. Ziyoratga otlangan kishi qaysi sayyohlik idorasiga murojaat qilish, umuman olganda, tayyorgarlik jarayonida nimalarni e`tiborga olish borasida taraddudlanib qolishi tabiiy. Allohning inoyati bilan yaqinda Umra amalini bajargan ziyoratchi sifatida bu borada ayrim amaliy tajribadan o`tgan tavsiyalarni Sizga ham ilindim.
Birinchi tavsiya: xolis niyat va ixlos bilan ziyoratga hozirlaning!
Hadisda aytilganidek, “Amallar niyatga bog`liqdir”. Eng avvalo, to`g`ri niyat qiling: siz sayohatga va o`yin-kulgiga emas, Alloh buyurgani uchun ziyoratga ketyapsiz. Shunday ekan, muayyan diniy bilimlarga ega bo`ling, bilmaganlaringizni kitoblardan o`qib, ilm ahlidan so`rab o`rganishga intiling. Ilmingiz qanchalar boy bo`lsa, ziyorat amallarini ham shunchalar bekamu ko`st bajara olishingiz mumkin.
Ikkinchi tavsiya: sayyohlik idorasini tanlashda ziyraklik bilan yondashing!
Sayyohlik idorasi (xalq tilida “turistik firma”) tanlashda shoshma-shosharlikka yo`l qo`ymang. Sayyohlik idorasiga borib, mas`ul xodim bilan yuzma-yuz suhbatlashing. Unga quyidagi savollarni berishdan tortinmang:
Idoraning lisenziyasi bormi?
Qaysi aviakompaniya samolyotida uchiladi?
Mehmonxonalarda sharoit qanday?
Mehmonxonalar Madina shahrida Masjid un-nabaviyaga, Makka shahrida Masjid ul-Haramga yaqinmi?
Transport-logistika masalasi (aeroportdan mehmonxonagacha, Madinadan Makkagacha, Makkadan yana aeroportgacha) qanday?
Ellikboshi kim va u haqida batafsil ma`lumot bersangiz?
Har bir savolga to`liq javob olishga harakat qiling. Ayniqsa, mehmonxonalar Madina shahrida Masjid un-nabaviyaga, Makka shahrida Masjid ul-Haramga yaqin bo`lishi tavsiya etiladi. Bu ziyoratchilarga katta qulaylik yaratadi. Ellikboshining (ziyoratchilar guruhi etakchisi) oliy ma`lumotli, Umra va Hajda tajribaga ega bo`lishi maqsadga muvofiq.
Barcha savollaringizga sizni qoniqtiradigan javob olsangiz, sayyohlik idorasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga obuna bo`ling va sizdan oldin safarga chiqqan ziyoratchilar haqida ma`lumot olib boring.
To`lovni, albatta, shartnoma asosida amalga oshiring. Shartnomada to`lov miqdori so`mda ko`rsatilganiga e`tibor qarating. To`lagan mablag`ingiz uchun chek olishni unutmang.
Uchinchi tavsiya: safar uchun faqat zarur buyumlarni oling!
Jomadoningizda sizga birlamchi zarur kiyimlar, dori-darmonlar va ozroq egulik bo`lsa kifoya. Kiyimlarni tanlashda Madina va Makka shaharlaridagi ob-havoga e`tibor qarating.
To`rtinchi tavsiya: mehmonxona va uning atrofini o`rganing!
Madina va Makka shaharlariga borgach, eng avvalo, atrofni o`rganing. Mehmonxonani mustaqil topib kela oladigan bo`ling. Sayyohlik idorasi tomonidan sizga berilgan buyumlarni (ko`pincha beyjik, kamzul va sumka beriladi) yoningizda saqlang. Agar adashib qolsangiz, ushbu buyumlar sizga mehmonxonani topishga yordam beradi.
Odatda, mehmonxonalarda Wi-Fi bo`ladi. Albatta, unga ulanib oling. Saudiya Arabistonidan sim-karta sotib olish ham foydadan xoli emas.
Beshinchi tavsiya: amallarni to`liq bajarishga harakat qiling!
Kuchingiz etganicha, salomatligingizni asragan holda, Umra va Haj amallarini to`liq bajarishga intiling. Unutmang, bu muqaddas shaharlardagi ibodatning ajru mukofoti yuksakdir.
Oltinchi tavsiya: yaqinlarga sovg`a olishda tejamkor bo`ling!
Madinadan xurmo, Makkadan esa zam-zam suvi olsangiz kifoya. Qo`shimcha sovg`alar olish ham mumkin, albatta. Faqat yukingiz samolyotda belgilangan me`yordan oshib ketmasligiga ahamiyat bering.
Ettinchi tavsiya: ziyoratdan qaytgach o`tkaziladigan tadbirlarda isrofdan saqlaning!
Ziyoratdan qaytgach, ehson oshi berish yoki boshqa tadbirlarni o`tkazish majburiy talab emas, aslida. Agar imkoniyatingiz etsa va ularni amalga oshirishni niyat qilgan bo`lsangiz, imkon qadar isrofdan saqlaning, ixchamroq qiling.
Azizbek RAMAZONOV,
jurnalist