AsosiyDunyo

Dunyo mamlakatlarining yarmidan ko`pi qizamiq epidemiyasiga uchrashi mumkin

'Dunyo mamlakatlarining yarmidan ko`pi qizamiq epidemiyasiga uchrashi mumkin'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, agar shoshilinch choralar ko`rilmasa, 2024 yil oxiriga kelib, dunyo mamlakatlarining yarmidan ko`pida qizamiq epidemiyasi tarqalish xavfi juda yuqori ekanligidan ogohlantirdi.  Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi. 

Chunki ushbu kasallik hozirgacha Shimoliy va Janubiy Amerika qit`alaridan boshqa barcha mintaqalarda qayd etildi.

Mutaxassislar xulosasiga ko`ra, epidemiologik vaziyat yomonlashuvi koronavirus pandemiyasi davrida qizamiqqa qarshi emlash tadbirlari etarli darajada tashkil etilmagani oqibatidir.  

Xususan, 2022 yili dunyo bo`yicha emlash qamrovi 2021 yilga nisbatan biroz oshgan bo`lsa-da, ammo shunda ham 33 million bola mazkur xastalikka qarshi vaksinalar dozalari bilan qamrab olinmadi. 22 million nafarga yaqin o`g`il-qiz ularning birinchi dozasini, 11 million nafari ikkinchi dozasini qabul qilishdan chetda qolgan.

“2024 yilgi emlash dasturlarida ham katta bo`shliqlar bor, — deydi JSST vakili Natasha Kroukroft. — Agar holat shunday davom etsa, millionlab bolalarimiz bundan jabr ko`rishi mumkin.  

Bugun sayyoramiz bo`yicha qizamiqning o`sish dinamikasi kuzatilyapti. Ayniqsa o`rta daromadli mamlakatlarda ahvol qoniqarli emas. Biz 2019 yilgi holat takrorlanishidan xavotirdamiz".

Eslatib o`tamiz, 2019 yili Er yuzida qizamiq bilan kasallanish darajasi keskin oshib, so`nggi 23 yildagi rekord ko`rsatkichga etgandi (869 mingta holat). Eng yomoni, o`sha yili bu xastalikdan o`lim statistikasi ham 2016 yilga nisbatan deyarli 50 foizga ko`paydi (207 ming holat).

    Boshqa yangiliklar