AsosiyJamiyat
1828

Prezident texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish bo`yicha takliflar bilan tanishdi

'Prezident texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish bo`yicha takliflar bilan tanishdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 26 fevral kuni texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish bo`yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimiz standartlashtirish sohasini isloh qilish va sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etilgan edi.

So`nggi yillarda 12 mingta standart qabul qilindi, 400 turdagi mahsulotlarni sinovdan o`tkazish yo`lga qo`yildi. Natijada 40 ta yangi eksport bozoriga chiqildi.

Shu bilan birga, oxirgi etti yilda O`zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2,5 barobarga oshib, 63 milliard dollarga etdi. Bu yil ham eksportni 1,5 barobarga ko`paytirib, 25 milliard dollarga etkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lish maqsad qilingan.

Shundan kelib chiqib, amaldagi texnik tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish, uning eksportga ko`maklashish va ichki bozorni sifatsiz tovarlardan himoya qilishdagi ishtirokini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.

Milliy sertifikatlar chet elda tan olinishi uchun tizimli ishlash, Milliy etalonlar bazasini to`ldirish orqali xorijda mamlakatimiz laboratoriyalarining sinov natijalariga ishonchni oshirish, hozirgi kunda eng zarur bo`lgan texnik reglamentlarning mavjudlarini xalqaro talablarga moslashtirish va yangilarini ishlab chiqish zarur.

Standartlashtirish sohasidagi 6 ta axborot tizimi va 2 ta portalni o`zaro integrasiya qilish, vazirlik va idoralarning standart sohasidagi kadrlar salohiyatini oshirish, sohaviy texnik qo`mitalar faoliyatini jonlantirish kerak.

Taqdimotda soha oldida turgan vazifalarni hal qilish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar ko`rib chiqildi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi to`g`ridan-to`g`ri Hukumat bo`ysunuviga o`tkazilishi belgilandi.

Eksportchilarga ko`makchi bo`lib, milliy sertifikatlar xorijiy davlatlarda tan olinishi bo`yicha tizimli ishlarni yo`lga qo`yish, sifatsiz mahsulotlar importining oldini olish ustidan qat`iy nazorat o`rnatish, Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to`siqlar to`g`risidagi bitim talablarini amaliyotga joriy etish agentlikning asosiy vazifalari sifatida belgilanadi.

Shuningdek, agentlik soha uchun kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishga bevosita mas`ul bo`ladi, aholi va tadbirkorlar bilan ishlashda shaffoflikni ta`minlash uchun sohani to`liq raqamlashtiradi.

Joriy yilda rivojlangan davlatlar bilan sinov natijalarini ikki tomonlama tan olish bo`yicha kelishuvlarga erishish ishlarini davom ettirib, 1,2 mingta korxonalarda xalqaro sifat tizimlarini joriy etish muhimligi ta`kidlandi.

Shuningdek, texnik reglamentlar bilan qamrab olingan mahsulotlar turini ko`paytirish, amaldagi 19 ta texnik reglamentni qayta ko`rib chiqish va yangilash, etalonlar va yuqori aniqlikdagi o`lchash vositalarini joriy qilish ishlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Jahon savdo tashkiloti bilan samarali hamkorlik qilish maqsadida agentlik tuzilmasida Savdodagi texnik to`siqlar bo`yicha axborot markazini ishga tushirish taklif qilindi.

Kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy konsultantlarni jalb qilish va tarmoqlarda standartga mas`ul kadrlarni o`qitish kerakligi aytildi. Sohani raqamlashtirish maqsadida “Texnik tartibga solish” yagona elektron axborot tizimi ishga tushirilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni ma`qullab, joylarga chiqib, korxona va tadbirkorlar bilan uchrashish, ularning standart sohasidagi muammo va takliflarini o`rganish muhimligini ta`kidladi hamda mutasaddilarga  qaysi standartlarni ishlab chiqish yoki qaerda laboratoriyalar tashkil qilish bo`yicha aniq rejalarni belgilab, ijrosini ta`minlash bo`yicha topshiriq berdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar