“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Qarori (PQ-114-son, 04.03.2024 y.) qabul qilindi
Qarorga ko`ra, Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy statistika sifatini ta`minlash bo`yicha bazaviy prinsiplari milliy statistika tizimiga joriy etilishini ta`minlash maqsadida 2024 yil yakuniga qadar:
- rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan tarqatiladigan statistika ma`lumotlari Statistika ma`lumotlarini ishlab chiqishning namunaviy modeli (GSBPM) asosida shakllantiriladi;
BMT tomonidan tavsiya etilgan sifatni boshqarish bo`yicha qo`llanmalarni to`liq joriy etish doirasida zarur tashkiliy choralar ko`riladi.
Bunda:
➖rasmiy statistikani tayyorlovchilarning har birida rasmiy statistikada sifat va tarqatish siyosatlari ishlab chiqiladi;
➖BMT tomonidan ma`qullangan qo`llanma (NQAF) asosida Milliy sifatni boshqarish qo`llanmasi ishlab chiqiladi;
➖milliy statistika tizimini global baholashdan o`tkazish tashkil etiladi va natijalari e`lon qilinadi.
2025 yil 1 yanvardan statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayoniga konsalting kompaniyalari, oliy ta`lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari jalb etiladi.
2024 yil yakuniga qadar “Statistika” integrallashgan axborot tizimi va “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integrasiyalashuv platformasi o`rtasida elektron ma`lumotlar almashinuvi yo`lga qo`yiladi.






