Prezident Yakkasaroy tumanidagi Dilbuloq mahallasiga tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, "ettilik" bilan mahalla hayoti va istiqboldagi vazifalar to`g`risida suhbatlashdi.
Dilbuloq mahallasida 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahalla xizmat ko`rsatish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uch yuzga yaqin savdo, sanoat va xizmat ko`rsatish shoxobchalarida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda. Maktabgacha ta`lim tashkiloti, oilaviy poliklinika, ixtisoslashtirilgan sport maktabi, pedagogika instituti filiali faoliyat yuritmoqda.
“Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududga 360 ta videokuzatuv moslamalari o`rnatilgan, ular mahalla profilaktika inspektori xizmat xonasiga ulangan.
O`tgan yili 112 kishi ishga joylashtirilib, 181 nafari o`zini-o`zi band qilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 23 ta loyihaga kredit va o`nga yaqin fuqaroga subsidiya ajratilgan. Xususan, bu erda tikuvchilik sexi, go`zallik saloni, poligrafiya va kompyuter xizmatlari, kutubxona, oziq-ovqat va qandolat do`konlari tashkil etilgan.
Davlat rahbari ushbu majmualarni ko`zdan kechirdi, mahalla ahli bilan samimiy suhbatlashdi.
- Avvalo, sizlarni ulug` ayyom kunlari bilan, kelayotgan Navro`z bilan tabriklayman. Mahallangizdagi obodlikni, ish joylarini, bayram nafasini ko`rib, xursand bo`ldim. Nima uchun hududlarda ko`p yuraman? Chunki men odamlarga ishonaman. Hamma mahallalarni shunday o`zgartirishga harakat qilishimiz kerak. Mamlakatimizda 9 ming 450 ta, Toshkentda 585 ta mahalla bor. Hozir ularga iqtisodiy kompleks tashkilotlarini biriktiradigan tizim qilayapmiz. Maqsadimiz - har bir xonadonga, har bir insonga etib borish. Xalqning roziligi, duolariga munosib bo`lish hammamizga nasib etsin, - dedi Prezident.
Shu boradagi manzilli chora-tadbirlar “mahalla ettiligi” va mutasaddilar bilan muloqotda muhokama qilindi.
- Xabaringiz bor, iqtisodiy kompleks tashkilotlarini mahallalarga biriktirayapmiz. Bunda banklarning ham o`rni bor. Ular orqali tumanlardagi korxonalarga qo`shimcha sharoit yaratib, engil kreditlar berib, yana ish o`rinlari ochishini qo`llab-quvvatlash kerak. Endi mahallalar ham zamonga munosib, harakatchan bo`lishi lozim. Umuman, ishlayman degan odamga sharoit yaratib berishimiz shart, - dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilar iqtisodiy kompleks faoliyatini mahallalarda tashkil etish, shahar sharoitida odamlarni ish bilan ta`minlash vazifalari to`g`risida axborot berdi.






