Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi O`zbekiston parlamenti delegasiyasi Parlamentlararo ittifoqning 148-Assableyasida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Shveysariyaning Jeneva shahrida bo`lib turipti.
Tashrif doirasida Senat Raisi Tanzila Narbaeva BMT Bosh kotibi o`rinbosari, BMTning Jenevadagi bo`limi bosh direktori Tatyana Valovaya bilan uchrashuv o`tkazdi.
O`zbekiston va BMT o`rtasidagi samarali hamkorlikning turli yo`nalishlari, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni ta`minlash borasida qo`shma dastur va loyihalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O`zbekiston bilan BMT o`rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilib, 140 ga yaqin dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.
T. Valovaya O`zbekistonning BRMni amalga oshirish borasidagi sa`y-harakatlarini yuqori baholadi. O`zbekistonda o`tkaziladigan Osiyo xotin-qizlar forumi doirasida “2030 yildan keyin barqaror rivojlanish strategiyasi” mavzusida yordamchi tadbir tashkil etish imkoniyati haqida o`z fikrini bildirdi. Uning bildirishicha, Samarqand forumi ayol deputatlar uchun 17 maqsadni 2030 yildan keyin ham amalga oshirish bo`yicha o`zaro fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqish uchun o`ziga xos platforma bo`lib xizmat qiladi.
Uchrashuvda shuningdek, inson huquq va erkinliklarini, gender tenglikni ta`minlash, xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Yakunda muloqotni tizimli davom ettirish, hamkorlikdagi loyihalarni kengaytirish orqali hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.






