AsosiyJamiyat

Prezident Namangandagi yangi elektr stansiyalari qurilishiga start berdi

'Prezident Namangandagi yangi elektr stansiyalari qurilishiga start berdi'ning rasmi

25 mart kuni Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishiga bag`ishlangan marosim bo`ldi.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko`paytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. So`nggi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 183 megavattli 6 ta gidro elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Bugungi kunda Namanganda jami 913 megavatt generasiya quvvati mavjud. So`nggi uch yilda elektr iste`moli 24 foizga o`sgan va bu, tabiiyki, davom etadi.

Shu bois viloyatda jami qiymati 1,1 milliard dollar, quvvati 1 ming 228 megavatt bo`lgan uchta majmua loyihalashtirildi. Bular gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasidir.

Jumladan, “O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati 434 million dollar evaziga Uychi tumani, Norin daryosida 228 megavattli 6 ta “GES kaskadi”ni barpo qiladi. Buning natijasida yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 310 million metr kub gaz iqtisod qilinadi, 430 ming xonadonga elektr uzatiladi.

Yana bir e`tiborli tomoni, ushbu GES to`liq yurtimizda ishlab chiqarilayotgan uskuna va texnologiyalar hisobiga quriladi. Ya`ni u mamlakatimizda “birinchi milliy GES” bo`ladi. 

Bu stansiyalarda 133 kishi, qurilish davrida 4 ming odam ishlaydi.

Pop tumanida Germaniyaning “Hyper Partners GmbH” kompaniyasi tomonidan 500 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi quriladi.  Mazkur loyihaning qiymati 350 million dollar bo`lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 95 million kilovatt-soatni tashkil etdi. 

Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi quyosh elektr stansiyasi ham Popda quriladi. Uning ham qiymati 350 million dollar, quvvati 500 megavatt bo`ladi.

Ushbu stansiyalarni shu yil yakuniga qadar tarmoqqa ulash ko`zda tutilgan. Ularda 120 kishi doimiy ish o`rniga ega bo`ladi.

Mazkur loyihalar natijasida Namangan viloyatining generasiya quvvatlari 2 141 megavattga etadi. Yillik 7,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa viloyatning elektr energiyasiga bo`lgan 5,5 milliard kVt soatlik talabini to`liq qoplaydi. Ortgan 30 foiz elektr Andijon va Farg`ona viloyatlariga yo`naltiriladi.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoev ramziy tugmani bosib, mazkur yirik energetika loyihalari qurilishini boshlab berdi.

- Odamlarimiz farovon yashashiga sharoit yaratish yangi O`zbekiston siyosatining asosiy poydevorlaridan biridir. Buning katta-kichik loyihalarni o`z vaqtida ishga tushirish, ularning barqaror faoliyati uchun uzluksiz energiya ta`minoti nihoyatda zarur. Shu ma`noda, bugungi marosim ham tarixiy voqea. Barchangizni shunday yangi loyiha va tashabbuslar bilan tabriklayman, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Ta`kidlash joizki, 2025 yilda Pop va Uychi tumanlarida umumiy quvvati 200 megavatt bo`lgan elektr energiyasini saqlash tizimlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar iste`mol ortgan davrda yagona energetika tizimini rostlash va elektr energiyasini iste`molchilarga barqaror etkazib berishga xizmat qiladi.

Shu yilning o`zida respublikamizda 14 ta quyosh va shamol stansiyasini qurish doirasida 2,6 gigavatt quvvat tarmoqqa ulanadi.

    Boshqa yangiliklar