25 mart kuni Moskvaning Basmanniy sudi tergov talabiga binoan Krokusdagi terakt bo`yicha jinoiy ish bo`yicha uchta ayblanuvchini hibsga oldi.
Aka-uka Dilovar va Aminxon Islomovlar hamda ularning otasi Isroil uyushgan guruh tarkibida (Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi 3-qismi "b" bandi) odam o`limiga olib kelgan terrorchilik xurujini sodir etganlikda ayblanmoqda. Dilovar va Aminxon Islomovlarga allaqachon ayblov e`lon qilingan, ularning otasi gumonlanuvchi sifatida qolmoqda.
Islomovlar oilasi Tverda yashaydi va ishlaydi. 23 yoshli Dilovar Islomov terrorchilar Krokusni tark etgan avtomobilning egasi hisoblanadi. Teraktdan bir necha soat o`tgach, u taxminan bir hafta oldin mashinasini xotinining ukasiga sotganini aytgandi.
Dilovar va uning 33 yoshli akasi Aminxonning so`zlariga ko`ra, Tergov qo`mitasiga o`zlari kelgan. “Mashinamni ko`rganimizdan keyin, o`zimiz keldik”, deydi Dilovar Islomov. Aminxon Islomov sudyaga “Men aybsizman”, deb javob bergan.
Bir kun avval sud teraktning bevosita ishtirokchisi deb topilgan to`rt nafar shaxs – Dalerjon Mirzoev, Saidakrami Rachabalizoda, Muhammadsobir Fayzov va Shamsiddin Fariduni hibsga oldi. Ulardan ikki nafari aybini tan oldi.
Sud zalidan olingan surat va videolarga qaraganda, teraktni bevosita sodir etganlikda ayblanayotganlar hibsga olingandan keyin qiynoqqa solingan. Ulardan birining bo`yni paket bilan o`ralgan, ikkinchisi qo`lga olinganda xavfsizlik kuchlari tomonidan kesib tashlangan qulog`i bog`langan. Uchinchi ayblanuvchi sudga tibbiy aravada va kateter bilan olib kelingan. U sud majlisida nima bo`layotganiga munosabat bildirmagan.






