1

Kimyo terapiyada miyani himoyalash usuli topildi

Salomatlik 26.03.2024, 21:23
Kimyo terapiyada miyani himoyalash usuli topildi

Zamon.uz  kimyo terapiyada miyani himoyalash usuli topilgani haqida xabar bermoqda.

Kimyo terapiya saratonning ko`plab turlarini davolashning eng yaxshi usullaridan biri hisoblanadi. Ammo, afsuski, uning yon ta`siri butun tanada, shu jumladan miyada ham seziladi.

Bemorlarda xotira, diqqatni jamlash va qaror qabul qilish bilan bog`liq muammolar kuzatilishi mumkin. Bu esa ularning fikrlash va xatti-harakatlarida namoyon bo`ladi. Garchi mazkur holat odatda kimyo terapiya tugaganidan keyin yo`qolsa-da, bir necha oy davomida kundalik hayotga ta`sir etadi.

Massachusets texnologiya instituti (MIT) olimlari tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot ushbu nojo`ya ta`sirlarni davolashning juda oddiy usulini kashf etgan bo`lishi mumkin va eng muhimi, bu kimyo terapiyaga qaraganda kam invazivdir. Buning uchun har kuni miltillovchi chiroqlarga qarash va ma`lum bir chastotali tovushlarni tinglash kifoya.

Tajribalar yorug`lik va tovush terapiyasidan so`ng yallig`lanishning, asab tizimining degenerasiyasiga olib kelishi mumkin bo`lgan toksik oqsillarning kamayganini hamda kognitiv testlarning yaxshilanganini ko`rsatdi.

Kimyo terapiya kursi davomida har kuni gamma-to`lqin terapiyasini olgan tajriba ob`ektlarida aks alomatlarning barchasi sezilarli darajada pasaygan. Ularning xotirasi va ijro etuvchi funksiyalarini o`lchash bo`yicha testlar ancha yaxshi natijalarni ko`rsatgan.

Shuningdek, tadqiqotchilar gamma-to`lqin terapiyasi bilan davolanganda yallig`lanish va hujayralar nobud bo`lishi bilan bog`liq genlar susayganini aniqladilar.

Foydali ta`sirlar davolanishdan keyin to`rt oy davomida hech bo`lmaganda qisman davom etishi kuzatildi. Bundan tashqari, ushbu yangi usul kimyo terapiyadan keyin emas, balki u bilan bir vaqtning o`zida qo`llanilganda ancha yaxshi natija berishi qayd etildi.

Bu usul barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o`tsa, u bemorlarda kimyo terapiyani amalga oshirishning standart qismiga aylanishi, shu bilan hayotiy muhim davolanishning yoqimsiz tomonlarini kamaytirishi mumkin.

Tadqiqot “Science Translational Medicine” jurnalida chop etilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1