1

Mahallalarda konsertlar, maktablarda madaniyat kunlari tashkil etiladi

Jamiyat 28.03.2024, 21:16
Mahallalarda konsertlar, maktablarda madaniyat kunlari tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoev maktab ta`limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

“O`zbekiston – 2030” strategiyasida ta`lim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangan. Shunga muvofiq, bu soha ham umumiy, ham ixtisoslashtirilgan tarzda rivojlantirilmoqda. Jumladan, yurtimizda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi va 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda.

O`tgan yillardagi tajriba va hayot talabidan kelib chiqib, ulardagi yo`nalishlarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda. 

Xususan, Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda, tajriba tariqasida, muhandislik dasturlarini joriy qilish taklif etilmoqda. Bu dastur “Yangi O`zbekiston” universiteti dasturi bilan integrasiya qilinadi.

Yuqori malakali pedagoglar imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida Prezident ta`lim muassasalari agentligi huzurida jamoatchilik asosida “Fan kengashlari” tuziladi. Bu kengashlar ta`lim dasturlarini ishlab chiqish, baholash tizimini takomillashtirish, o`qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga jalb qilinadi.

Kelgusi o`quv yilidan 14 ta maktabda fanlarni ingliz tilida o`qitishni yo`lga qo`yish, 2025-2026 yillarda 8 ta yangi ixtisoslashgan maktab qurish rejalari ham bayon etildi.

Ijod maktablari bo`yicha ham takliflar bor. Jumladan, ularda taniqli adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. O`quvchilarning ijodiy ishlarini Yozuvchilar uyushmasi hisobidan nashr etish yo`lga qo`yiladi. Turli ko`rik-tanlovlar o`tkazish orqali iqtidorli yoshlar qo`llab-quvvatlanadi.

Ta`lim sifatini oshirishda fan olimpiadalari muhim. So`nggi yillarda g`oliblarni munosib rag`batlantirish tizimi joriy etilgani natijasida bilimga intilish kuchaydi. Talabgor o`quvchilar, “katta beshlik” fan olimpiadalarida qo`lga kiritilgan medallar avvalgiga nisbatan ikki baravar ko`paydi. Mamlakatimizda Al-Farg`oniy, Beruniy, Mendeleev nomidagi xalqaro olimpiadalar o`tkazildi.

Bu ishlarni yangi bosqichga ko`tarish maqsadida O`quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etish taklif qilinmoqda. Unga etuk olimlar va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi, o`quvchilarning har biri rivojlanish dasturi orqali maqsadli tayyorlanadi.

Ishtirokchilarning xalqaro olimpiadalardagi yakuniy natijalaridan kelib chiqib, terma jamoa etakchisini rag`batlantirish tizimi yo`lga qo`yiladi. Barcha fan olimpiadalarini aks ettiradigan yagona olimpiadalar taqvimi va tayyorgarlik tizimi yaratiladi. Asosiy mashg`ulotlar bilan birga psixologik treninglar, boshqa jamoalar bilan qo`shma yig`inlar o`tkaziladi.

Taqdimotda o`quvchilar bilimini baholashning shaffof va xolis tizimini joriy qilish masalasi ham ko`rib chiqildi.

Hozirda bilimning bahosi turli maktablarda turlicha. Imtihon varaqalaridagi savollar darajasi ham har xil. Xalqaro testologiya talablariga ko`ra, hamma variantlardagi savollarning qiyinlik darajasi teng bo`lishi kerak.

Shu bois davlat yakuniy attestasiyasida, ya`ni maktabni bitirish imtihonlarida o`quvchilarning bilimini yagona nazorat materiallari asosida baholash taklif etilmoqda. Imtihon topshiriqlari yozma va amaliy shaklga o`tkaziladi, javoblarni maxsus platforma orqali tekshirish amaliyoti yo`lga qo`yiladi, savollar doimiy ravishda yangilanib boriladi.

Yana bir muhim yangilik – maktabni bitirish imtihonlarida oliy ta`lim muassasasiga kirish sinovlariga mos fanni tanlash imkoniyati yaratiladi.

Davlatimiz rahbari umumiy o`rta ta`lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, uning oliy ta`lim bilan mutanosibligini mustahkamlash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Taqdimotda ta`lim va boshqa sohalarda madaniyatni keng yoyish masalalariga ham e`tibor qaratildi. Yosh avlodda san`atga mehrni maktab va oliygohdan boshlab shakllantirish zarurligi ta`kidlandi.

Shu maqsadda ijod maktablarida “Tasviriy san`at va chizmachilik” fani o`rniga “San`at” fani kiritish taklif etilmoqda. Bunda faqat rasm chizish emas, balki rangtasvir, hunarmandchilik, kinematografiya, haykaltaroshlik va dizaynga oid ko`nikmalar o`rgatiladi.

Oliy o`quv yurtlarida bu bo`yicha maslahatchi tizimini Madaniyat vazirligi bilan bog`lab, maqom, baxshichilik, teatr meroslarini yoshlarga etkazish vazifasi qo`yildi.

Shuningdek, yirik korxonalar va klasterlar qoshida ansambllar tuzilib, mahallalarda konsertlar, maktablarda madaniyat kunlari tashkil etilishi belgilandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1