Avtomobil va temir yo`l bo`ylari, daryo va kanal yoqalarida, mahallada, ko`chada, ko`p qavatli massivlarda daraxt va gul ekish, ozodalikni ta`minlash ishlari sustligi ko`rsatib o`tildi.
Qurilish tashkilotlari, sement, g`isht, ohak, neft-gaz va kimyo, bo`yoq, charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, issiqlik korxonalari, yoqilg`i quyish shoxobchalari o`z faoliyati bilan atrof-muhitga ko`rsatayotgan ta`siriga yarasha daraxt ekish bo`yicha tashabbus ko`rsatmayotgani qayd etildi.
Umuman, daraxt ekishni ommalashtirish, umummilliy harakatga aylantirishda targ`ibot va tushuntirish ishlari etarlicha olib borilmayotgani ko`rsatib o`tildi.
Davlatimiz rahbari “Yashil makon” doirasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Toshkent viloyatida daraxt ekish bo`yicha boshlangan loyihaga ko`ra, Nurafshon, Bekobod shahri, O`rtachirchiq, Toshkent va Ohangaron tumanlari hududidan 34 gektar er 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi. Har 1 gektar uchun mahalliy byudjetdan 100 million so`m ajratilib, tomchilatib sug`orish tizimi joriy qilinadi. Er tayyor holga keltirilib, daraxt ekish xohishi bor aholiga o`zi istagan turdagi ko`chatni ekishi uchun sharoit yaratiladi.
Bu tashabbus ma`qullanib, har bir viloyatda kamida 20 gektardan er ajratib, ushbu tajribani boshlash topshirildi. Viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlaridagi kamida 2 tadan markaziy ko`chada mahalliy iqlimga mos gul ko`chatlarini ekib, ularni tematik ko`chaga aylantirish muhimligi ta`kidlandi.
29.03.2024 10:54
Toshkent viloyatidan 34 gektar er obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi






