Yig`ilishda vazirlar va hokimlar tizim tashkilotlari tomonidan ekilgan ko`chatlarning unib-o`sishi va to`g`ri parvarish qilinishiga alohida e`tibor berishi lozimligi ta`kidlandi.
Yana bir muhim masala – so`nggi vaqtlarda daryolar, tabiiy suv havzalarida elektr bilan baliq ovlash ko`payib ketayotganiga e`tibor qaratildi. Bu yilning o`zida 39 ta holatda elektr bilan, 436 ta to`r bilan noqonuniy baliq ovlash aniqlangan.
Mutasaddilarga bu borada ta`sirchan nazorat o`rnatib, qonun ustuvorligini ta`minlash topshirildi. Brakonerlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif qilindi.
Hududlarda obodonlashtirish, tozalikni ta`minlash bo`yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Har bir viloyatdagi 2 tadan, jami 26 ta tumanda tajriba tarzida obodonlashtirish boshqarmalari vazifalari xususiy sheriklik asosida chiqindi korxonalariga o`tkaziladi.
Bunda, tadbirkorlar o`ziga biriktirilgan hududda daraxt va gullar ekish, ularni parvarishlash, ariqlarni tozalash, ko`chalarni yoritish bilan birga chiqindilarni olib ketish bilan ham shug`ullanadi. Bir so`z bilan aytganda, tadbirkorlar tumandagi umumiy obodonlashtirish bilan shug`ullanadi va shunga yarasha haq oladi.
Yil yakunigacha yangi tajribani sinovdan o`tkazib, 2025 yildan barcha tuman va shaharlarda yo`lga qo`yish zarurligi qayd etildi.
Chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va chiqindilarni qayta ishlash bo`yicha ham yangi tizim tashkil etilishi belgilandi.
Mavjud 194 ta poligondan resursini o`tab bo`lganlari yopiladi. Har bir viloyatda 3-4 tadan chiqindi poligoni maxsus eko-sanoat zonasiga aylantiriladi hamda ularda qayta ishlash va yoqish loyihalari amalga oshiriladi.
Qolgan poligonlarda chiqindini vaqtincha to`plab, qayta yuklaydigan stansiyalar ishga tushadi. Ular eko-sanoat zonasini kafolatlangan chiqindi massasi bilan ta`minlashga xizmat qiladi. Mutasaddilarga investor topib, o`z hududida kamida bittadan chiqindini yoqish zavodi qurish loyihasini boshlash topshirildi.
29.03.2024 12:30
Prezident brakonerlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qildi






