AsosiyJamiyat

Namanganda bolalarni qarovsiz qoldirgan bog`cha tarbiyachilariga “hayfsan” berildi

'Namanganda bolalarni qarovsiz qoldirgan bog`cha tarbiyachilariga “hayfsan” berildi'ning rasmi

Namangan viloyatidagi bog`cha tarbiyachilari o`z xizmat vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda bo`lgani sababli jazolandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi. 

Qayd etilishicha, M.T. 2019 yilda tug`ilgan o`g`li boradigan Pop tumanidagi davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti pedagog xodimlari 21 fevral kuni guruhdagi bolalarni qarovsiz qoldirgani, shu sababli u tarbiyachilarga e`tiroz bildirganini ma`lum qilgan. 

Shundan so`ng, tarbiyachilar uning farzandiga ruhiy bosim o`tkazib, uni haqorat qilgani aytilgan. Ota ularga nisbatan qonuniy chora ko`rib, farzandining huquqlari himoya qilinishini so`ragan. 

Bolalar ombudsmani so`rovi asosida Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta`lim agentligi ushbu holatni atroflicha o`rgangan. Natijada xodimlar o`z xizmat vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda bo`lgani aniqlangan. 

Tarbiyachilarga nisbatan Mehnat Kodeksining 312-moddasi 1-bandiga asosan "hayfsan" intizomiy jazo chorasi qo`llangan.

    Boshqa yangiliklar