Savdo-sanoat palatasi raisi o`rinbosari Umidbek Safarov O`zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov bilan uchrashdi. Bu haqda O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Elchi o`zbekistonlik mehmonlarni tashrif bilan qutlab, tomonlar "IFE 2024" oziq-ovqat va ichimliklar xalqaro ko`rgazmasi yakunlari bo`yicha fikrlar bilan o`rtoqlashishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, bu orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish masalalari ko`rib chiqildi.
“London shahrida O`zbekiston savdo uyini tashkil etish imkoniyatlariga e`tibor qaratildi. Bundan ko`zlangan maqsad Buyuk Britaniya bilan ishbilarmonlik va iqtisodiy aloqalarni ko`paytirish va mustahkamlash, shu bilan birga tadbirkorlar uchun yangi biznes imkoniyatlarini ochishdir”, – dеyiladi xabarda.
Uchrashuv yakunida joriy yil davomida tomonlar tarafidan hamkorlik borasida amalga oshiriladigan ishlar bo`yicha kelishib olindi.






