AsosiyJamiyat

Endi migrantlarning viza, chipta, til o`rganish xarajatlari qisman qoplanadi

'Endi migrantlarning viza, chipta, til o`rganish xarajatlari qisman qoplanadi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoevga migrasiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimot qilindi.

Butun dunyoda ishchi kuchi ko`chib yurishi tabiiy jarayon. Mamlakatimizda bunday fuqarolarni chet elga tartibli va xavfsiz jo`natish bo`yicha muayyan ishlar qilinmoqda. Oxirgi ikki yilda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi rivojlangan davlatlarga yuborilgan.

Lekin ayrim odamlar malaka talab qilmaydigan o`lkalarga o`zlari ham mustaqil ravishda ketayapti. Ularning mehnat va yashash sharoitlari, kasbi, daromadi turlicha.

Davlatimiz rahbari sohada fuqarolarga qulayliklar yaratish, mehnat migrasiyasidan qaytgan shaxslarning bandligini ta`minlash vazifalarini qo`ygan edi. Shu bois mehnat migrasiyasi tizimini takomillashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqildi.  

Unga ko`ra, Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi davlat muassasasi shaklida boshqaruv organiga aylanadi. Agentlik direktori bir vaqtning o`zida Bandlik vaziri o`rinbosari bo`ladi. U mehnat migrantlarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasini ham boshqaradi.

Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Yaponiyadagi elchixona va konsulliklarda mehnat migrasiyasi bo`yicha attashe, Saudiya Arabistonida agentlik vakili lavozimi joriy qilinadi. Xorijdagi fuqarolarimiz masalalarini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalar va tegishli vazirliklarda 24 soat ishlaydigan “koll-markazlar” tashkil etiladi.

“Xorijga ish – mahalladan” tamoyili yo`lga qo`yiladi. Bunda, hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi xorijda ishlash istagida bo`lgan fuqaroni aniqlab, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Nomzodlar xorijdagi ish beruvchilar tanlovlariga jalb qilinadi.

Kasbiy malakasi yo`q va tilni bilmaydigan fuqarolarni kasbga o`qitish va profta`lim muassasalarida maqsadli tayyorlash yo`lga qo`yiladi. Buning uchun Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi huzurida fuqarolarni xorijiy tillarga o`rgatish va ishlashga maqsadli tayyorlash markazi ochiladi.

Xorijda ishlash istagida bo`lganlar muayyan xarajatlarga ham duch keladi. Shu bois endi migrantlarning ishchi viza, yo`l chiptasi, xorijiy til va kasb bo`yicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplanadi. Chet tili bo`yicha xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan fuqaroga til o`rganish uchun sarflagan xarajatining 50 foizi qoplab beriladi.

Mehnat migrasiyasidan qaytgan fuqarolarning bandligiga ko`maklashish ham muhim masala. Shu bois, Sayxunobod tajribasi asosida ularga tomorqada mahsulot etishtirib, daromad olishi uchun moliyaviy ko`mak beriladi hamda boshqa turdagi bandlik xizmatlari ko`rsatiladi. “Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” kompleks dasturiga muvofiq imtiyozli kreditlar ajratiladi. Tibbiy muassasalar migrasiyadan qaytgan shaxslar va ularning oila a`zolarini bepul tibbiy ko`rikdan o`tkazadi. “Inson” markazlari tomonidan ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko`rsatiladi.

Mehnat migrasiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka ko`maklashish jamg`armasidan oyiga 500 ming so`m subsidiya beriladi. Ushbu tadbirlarga bu yil uchun barcha manbadan 100 milliard so`m ajratiladi.

Davlatimiz rahbari bu tizimni samarali yo`lga qo`yib, fuqarolarga sifatli xizmat ko`rsatish, bandlikni oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

 

    Boshqa yangiliklar