AsosiyDunyo

Tayvanda so`nggi 25 yildagi eng kuchli zilzila sodir bo`ldi (video)

'Tayvanda so`nggi 25 yildagi eng kuchli zilzila sodir bo`ldi (video)'ning rasmi

Tayvanning sharqiy qirg`oqlarida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo`ldi. Orol va qo`shni mamlakatlarda sunami xavfi haqida ogohlantirish e`lon qilindi, deb yozdi BBC.

Zilzila episentri, AQSh Geologiya xizmati ma`lumotlariga ko`ra, Tayvanning Xualyan shahridan 18 km janubda joylashgan. Seysmologlarning fikricha, bu Tayvanda so`nggi 25 yil ichida sodir bo`lgan eng kuchli zilziladir.

Zilzila mahalliy vaqt bilan 07:58 da sodir bo`lgan, manba 15,5 km chuqurlikda bo`lgan. Buning ortidan 4 va undan yuqori magnitudali kamida to`qqizta zilzila sodir bo`ldi. 15 minut o`tib ikkinchi qayd etilgan zilzila esa 6 balldan oshdi. 

Tayvan ommaviy axborot vositalari binolar qulab tushayotgani, odamlar maktablar va uylardan evakuasiya qilinayotganini ko`rsatmoqda.

Zilziladan ko`p o`tmay Yaponiya va Filippinda sunami haqida ogohlantirishlar e`lon qilindi. Keyinchalik Yaponiya meteorologiya agentligi ogohlantirish darajasini pasaytirdi, ammo shunga qaramay, shunga o`xshash magnitudali zilzilalar bir haftagacha davom etishi mumkinligini va jamoatchilik hushyor bo`lishi kerakligini ta`kidladi.

Tinch okeanidagi sunamidan ogohlantirish markazi zilziladan ikki soat o`tib, xavf o`tib ketganini e`lon qildi.

Xitoy davlat matbuoti zilzila mamlakat janubi-sharqidagi materik Futszyan provinsiyasida ham sezilganini xabar qildi.

“Zilzila quruqlikka yaqin joyda, sayoz chuqurlikda boshlandi. Bu butun Tayvan va qo`shni orollarda sezildi. Bu so`nggi 25 yildagi eng kuchlisi”, — dedi Taypey seysmologiya markazi rahbari Vu Chien Fu.

1999 yil sentyabr oyida Tayvanda 7,6 magnitudali zilzila sodir bo`lgan. U 5 mingdan ortiq binolarni vayron qilgan va 2400 kishining o`limiga sabab bo`ldi.

 

    Boshqa yangiliklar