AsosiyJamiyat

Bugundan Yangi Toshkentni ma`rifat maskanlarini qurish boshlandi. Loyiha qurilishiga Prezident start berdi

'Bugundan Yangi Toshkentni ma`rifat maskanlarini qurish boshlandi. Loyiha qurilishiga Prezident start berdi'ning rasmi

Bundan bir yil avval, 18 mart kuni Yangi Toshkent shahrining qurilishiga tamal toshi qo`yilgan edi.

Bunyodkorlik ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash va direksiya tuzilib, loyihalashtirish olib borildi.

2024 yil 3 aprel kuni, muqaddas Ramazon oyida bu erda ilk inshootlar qurilishini boshlash marosimi bo`ldi.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoev nutq so`zlab, bu tarixiy voqea ekanini ta`kidladi.

– Bugun “Yangi O`zbekiston” universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markaziga tamal toshi qo`yamiz. Yangi shahar qurilishi ilm-fan, ma`naviyat maskanlaridan boshlanayotgani bejiz emas. Bular ma`rifatli jamiyat barpo etish g`oyamizning asosi va namunasi bo`ladi, – dedi davlat rahbari.

Ma`rifatli jamiyatning asosiy poydevori maktab bo`lsa, muallim uning ustunidir. Shu bois bu erda birinchilar qatorida Toshkent davlat pedagogika universitetining yangi kampusi barpo etiladi. U 20 ming talabaga mo`ljallangan o`quv binolari, 5 ming o`rinli yotoqxona, 300 o`rinli bog`cha, 616 o`rinli maktab, 588 o`rinli akademik lisey, zamonaviy sport kompleksi, madaniyat saroyi, amfiteatr va boshqa ob`ektlarni o`z ichiga oladi. Yuqori reytingli xorijiy oliygohlar tajribasi asosida “bog`cha – maktab – universitet” yaxlitligidagi innovasion pedagogik klaster tashkil etiladi.

“Yangi O`zbekiston” universiteti yurtimizdagi eng nufuzli oliygoh bo`lib, unda muhandislik, boshqaruv, axborot texnologiyalari, agrotexnologiyalar, gumanitar va tabiiy fanlar bo`yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Shaharda mazkur universitet uchun ham zamonaviy kampus quriladi. Xususan, bu erda 10 ming talabaga mo`ljallangan o`quv binolari, 1 ming 150 o`rinli oshxona, kutubxona va ixcham muzey, sport majmuasi, olimpiya suzish havzasi barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun 2 ming o`rinli yotoqxona, professor-o`qituvchilarga 286 o`rinli turar joy qurib beriladi.

Navbatdagi loyiha – O`zbekiston Milliy kutubxonasi uchun yangi majmua. Bu erda kutubxona fondida saqlanayotgan 10 milliondan ortiq adabiyotlarni munosib saqlash va bir paytning o`zida 1 ming 420 nafar kitobxonga sifatli xizmat ko`rsatish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Uning mumiy maydoni 30 ming metr kvadratni tashkil qiladi.

Teatr san`ati xalq ma`naviyati, yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog`liq. Shu bois Yangi Toshkentda xalqaro talablar asosida Milliy teatrning muhtasham binosi barpo etiladi. Unda san`atkorlar uchun ham, tomoshabinlar uchun ham har jihatdan qulay sharoitlar yaratiladi. Kelgusida u yurtimizdagi barcha teatrlar uchun o`ziga xos ijodiy laboratoriya vazifasini bajaradi.

Shaharda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini jamlagan o`ziga xos ma`naviyat majmuasi ham qad rostlaydi.

Davlatimiz rahbari bu majmualarning imkoniyatlari va ahamiyatiga to`xtalib o`tdi.

– Bugun poydevori qo`yilayotgan maskanlar ko`p yillar xalqimiz ma`naviyatini boyitish, yoshlarimizni har tomonlama etuk va barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi Toshkent shahrining nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizda ham chinakam ilm-ma`rifat va madaniyat markaziga aylanishiga katta hissa qo`shadi, deb ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, binolar qurilishini boshlab berdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar