4 aprel kuni soat 16:15 da noma`lum ayol Pokistonning O`zbekistondagi elchixonasi xavfsizlik postidagi “Qo`riqlash” bosh boshqarmasining xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalarini qo`riqlash bo`yicha alohida batalonining telefon raqamiga qo`ng`iroq qiladi.
O`zini shifokor deb tanishtirgan ayol qizi yo`l-transport hodisasida jarohat olganligi, jarrohlik amaliyotini o`tkazish uchun zudlik bilan 20 ming AQSh dollari olib kelishi ekanligini aytadi.
Qo`ng`iroqqa javob bergan “Qo`riqlash” xizmati xodimi firibgarlar qo`ng`iroq qilayotganini darhol anglab, ularni qo`lga olish maqsadida “qizini qutqarish uchun” uchrashishga va pul berishga tayyorligini aytgan. Ayol Pokiston elchixonasi yaqinida uchrashuv tayinlaydi, lekin u pulni olib ketish uchun o`zi kelmasligini, o`rniga Ruslan ismli tanishini yuborishini aytadi.
20 daqiqadan so`ng, Ruslan xavfsizlik postining rasmiy telefon raqamiga qo`ng`iroq qilib, jarohatlangan qizning otasini kutayotganini aytadi. Firibgar uchrashuv belgilangan joyda xodimlar tomonidan qo`lga olinadi va Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo`limiga olib boriladi. Fuqaroning shaxsi tekshirilganda, u aslida Chilonzor tumanida yashovchi Samandar ismli 23 yoshli fuqaro ekani aniqlanadi.
Ayni paytda Toshkent shahar IIBB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qayd etilishicha, surishtiruv davomida uning sherigi aniqlanadi, shuningdek, boshqa shu kabi jinoyatlarga aloqadorligi tekshiriladi.






