AsosiyJamiyat

Navoiyda 94 yoshli onaxonga ilk bor tug`ilganlik haqida guvohnoma berildi

'Navoiyda 94 yoshli onaxonga ilk bor tug`ilganlik haqida guvohnoma berildi'ning rasmi

Navoiy viloyati adliya boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida 94 yoshli Anora Musurmonovaga tug`ilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi.

Ma`lum bo`lishicha, Anora Musurmonova 1930 yilning 1 iyulda Nurota tumanida tug`ilgan. U 94 yil davomida tug`ilganlik guvohnomasiga ega bo`lmagan.

Aksiya doirasida amalga oshirilgan ishlarga doir onlayn suhbatda Adliya vazirligi bo`lim boshlig`i Hasan Nasimov Anora Musurmonova haqidagi ayrim ma`lumotlarni so`zlab berdi. 

“Hamkasblarimiz bilan suhbatda Anora momo oilada 9 farzand bo`lganlari, ikki akasi urushdan qaytmagani, keyin ro`zg`orning tashvishi etti qizga tushganini aytgan. O`zlari guvohnoma olishga harakat qilgan ekan. Lekin yoshliklarida akalari yo`qligi va boshqa sabablar bilan hujjat olishning imkoni bo`lmagan. Anora Musurmonova 1949 yilda Yuzboy Nurboev bilan turmush qurib, o`n nafar farzandni dunyoga keltirgan. Bugungi kunda momoning 80 dan ortiq nevara, chevara va evaralari bor. Momo shu paytgacha bitta dalolatnoma asosida nafaqa olib kelgan. Tug`ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirib berishimizni umuman kutmagan ekan. Anora momoga ID karta olish masalasi ham kelasi hafta hal bo`ladi. Momo hamkasblarimiz bilan suhbatda `endi men O`zbekistonning haqiqiy fuqarosiman, deb ko`zda yosh bilan duolar qilgan” — dedi Hasan Nasimov.

Onlayn suhbatda Adliya idoralari o`tkazgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida jami 116 ming 415 nafar fuqaroning hujjat bilan bog`liq muammolari hal qilingani aytildi. Shundan 1639 nafar shaxslarning tug`ilishi bugungi kungacha qayd etilmagan bo`lgan. Aksiya davomida ularning tug`ilishi qayd etilib, guvohnomasiga asosan shaxsini tasdiqlovchi ID kartalar topshirilgan.

Elatib o`tamiz, Dehqonobodda er-xotinning nikohi 35 yil o`tib qonuniy qayd etilgani haqida xabar bergandik.

#Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi     #guvohnoma     #nikoh

    Boshqa yangiliklar