Soliq qo`mitasi matbuot xizmati xabariga ko`ra, 2024 yil 1 apreldan quyidagilarni realizasiya qilish bo`yicha aylanmaga QQS bo`yicha imtiyoz bekor qilingan:
- dori vositalari;
- veterinariya dori vositalari;
- tibbiyot va veterinariya uchun mo`ljallangan buyumlar.
Bunda agar korxonaning 2024 yil 1 aprel holatiga QQS imtiyozi bekor qilingan qoldiq tovarlar mavjud bo`lsa, ushbu tovarlar realizasiya qilinganda EHF QQS bilan rasmiylashtiriladi.
Qayd etilishicha, QQS imtiyozi bekor qilingan taqdirda, soliq to`lovchi soliq organida QQS to`lovchi sifatida maxsus ro`yxatdan o`tgan sanada o`z balansida mavjud bo`lgan tovar-moddiy qoldiqlarning so`nggi 12 oy ichida kirim qilinganlari bo`yicha va uzoq muddatli aktivlarning balans qiymatida QQS summasini hisobga olish huquqiga ega.
Chetdan olib kelinadigan va mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari vositachilar sonidan qat`iy nazar ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 %dan ortiq bo`lmagan miqdorlarda ustama belgilandi.
Chakana savdoda esa, ulgurji narxidan 20 %dan ortiq bo`lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo`llaniladi.
Ijtimoiy dorixonalar tomonidan ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, xarid qilish narxi yoki ulgurji narxning 10%idan ortiq bo`lmagan cheklangan savdo ustamasi qo`llanilgan holda sotiladi.






