1

Yoxud hal qiluvchi saylovlar va muxolifatning eng yirik g`alabasi haqida

Dunyo 15.04.2024, 12:40
Yoxud hal qiluvchi saylovlar va muxolifatning eng yirik g`alabasi haqida

Turkiyada joriy yil mart oyining oxirgi sanasida bo`lib o`tgan munisipal saylovlar Turkiya prezidenti Erdo`g`on tarafdorlari uchun muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Saylov natijalariga ko`ra, Turkiyadagi 81 munisipalitetdan 36 tasida muxolifatdagi so`l markazchi Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) 37,7% ovoz olib g`alaba qozongan. Prezident partiyasi  Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) 35,4% ovoz bilan qolgan. Bu natija 2003 yilda Erdo`g`on hokimiyatga kelganidan beri muxolifatning eng yirik g`alabasi bo`ldi. Oxirgi 22 yil ichida ilk marta hukmron partiya yirik saylovlarda mag`lubiyatga uchradi. Muxolifat g`alabasi esa uning 2003 yildan beri qayd etgan eng shov-shuvli natija bo`ldi. 

2019 yilgi munisipal saylovlarda muxolifat JXP 35,7% ovoz olgan, AKP esa 44,3% bilan birinchi o`rinni egallagan edi.

Erdo`g`on tarafdorlari uchun ayanchli vaziyat va...

2019 yilda bo`lgani kabi, shaharning amaldagi hokimi, JXP vakili Ikrom Imomo`g`li g`alaba qozondi. U 51 foizdan ko`proq ovoz olgan bo`lsa, uning raqibi, hukmron partiya nomzodi, sobiq ekologiya vaziri Murot Kurum 39,5 foiz ovoz olgan.

Mamlakatdagi ikkinchi yirik shahar Anqara shahrining amaldagi hokimi, 2019 yildan buyon shu lavozimni egallab kelayotgan JXP vakili Mansur Yavash ham katta farq bilan (60,3 foiz ovoz) g`alaba qozondi, uning AKPdan raqibi Turg`ut Altinok esa 31,6 foiz ovoz to`pladi.

JXP rahbari O`zg`ur O`zel, muxolifatning g`alabasi "Turkiya uchun yangi davrga yo`l ochadi" dedi. “Saylovchilar Turkiyaning 22 yillik siyosiy manzarasini o`zgartirishga va mamlakatimizda yangi siyosiy muhitga eshik ochishga qaror qilishdi. Bugun saylovchilar hokimiyatning nomutanosib vakolatlarini munisipal darajada muvozanatlashga qaror qilishdi”, - deya qo`shimcha qildi u.

Erdo`g`onning mag`lubiyati o`ziga xos jazomi?

Erdo`g`on partiyasining mag`lubiyati – Turkiya iqtisodiy siyosatidagi muvaffaqiyatsizliklar uchun o`ziga xos jazo, deyish mumkin. Turkstat ma`lumotlariga ko`ra, fevral oyida inflyasiya yillik hisobda 67% dan ortgan. Mart oyi oxirida Turkiya Markaziy banki diskont stavkasini 45 foizdan 50 foizga oshirdi - bu oxirgi 20 yildagi tarixiy maksimal ko`rsatkich hisoblanadi.

Qolaversa, 2023 yil may oyida bo`lib o`tgan saylovlardan keyin Erdo`g`on Turkiya xalqi hayotini yaxshilash bo`yicha bergan saylovoldi va`dalarini bajara olmadi. Bu ham munisipal saylov natijalarida o`z aksini topdi, deyish mumkin.

Aslini olganda Erdo`g`on partiyasining obro`si tusha boshlagani haqidagi ilk “signal”lar 2023 yildagi prezidentlik saylovlarida ham ko`zga tashlandi. O`shanda Erdo`g`on birinchi turda g`olib chiqa olmadi. U  ikkinchi turda, millatchilar bilan siyosiy koalisiya sharofati bilan atigi 5 foizlik farq siyosiy raqibi Qilichdoro`g`lidan ustun bo`la oldi. 

Mahalliy saylovlar ham Erdo`g`onga ishonch pasayib borayotganidan darak beradi. Chunki, Turkiya xalqi mazkur shunchaki munisipal rahbarlarni saylash uchun emas, balki Erdo`g`on va uning siyosatiga ishonchsizligini ko`rsatish uchun ham faol qatnashgan. 

To`g`ri, 2016 yilda Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan davlat to`ntarishi xalqning Erdo`g`onga ishonchi yuqori ekanini isbotladi. Lekin Erdo`g`on bu to`ntarishga urinishda AQSh va G`arbning ishtiroki borligini gumon qildi, G`arbga yoqishga urinishdan tiyila boshladi. Bu esa (G`arb etakchilik qiluvchi jahon moliyaviy tizimining “sharofati” bilan) turk lirasi kursining nihoyat tez pasayib ketishiga, inflyasiyaning keskin oshib, xalq farovonligining pasayib ketishiga olib keldi. Bu ham Erdo`g`on va uning partiyasidan norozilik kuchayishiga sabab bo`ldi.

Buning ustiga, faqat dunyoviylikka qaratilgan “kamolchi” partiyalar ham o`z siyosiy faoliyatida o`zgarish yasamoqda. Ular hokimiyat tepasiga kelgan taqdirlarida musulmonlarning manfaatlarini ham hisobga olishga va`da berishmoqda. 

Shu bilan birga, Turkiya aholisi AKP g`alaba qilgan taqdirda, mamlakat Otaturk tomonidan o`rnatilgan dunyoviy tamoyillardan uzoqlashib ketishi mumkinligidan qo`rqa boshladi. 

Qolaversa, turklar demokratiya va qonun ustuvorligi hamda hokimiyatdagi “tiyib turish” tamoyilini yaxshi tushunadi va ularni hayotga tatbiq etish uchun intiladi. Hokimiyatning uzoq yillar davomida bir shaxs qo`lida jamlanishi mamlakat siyosati va iqtisodiyoti uchun halokatli bo`lishi mumkinligini turklar yaxshi tushunadi. Qolaversa, hammaga ma`lum haqiqat bor: siyosiy muxolifatning mavjudligi mamlakat farovonligi va kelajagi uchun foydali. Xuddi iqtisodiyotda bo`lgani kabi, siyosiy tizimdagi raqobat ham siyosiy kuchlarni sergak torttirib turadi, xalq manfaatlariga zid harakatlar qilishdan tiyib turadi.

Turkiyani qanday siyosiy istiqbol kutyapti?

Ekspertlarning aytishicha, Erdo`g`on partiyasining munisipal saylovlardagi mag`lubiyati Turkiya ichki va va tashqi siyosatida katta o`zgarishlarga sabab bo`ladi. Hukmron partiya bu saylovlardan tegishli xulosa chiqarishi va o`z siyosatini qayta ko`rib chiqishi tabiiy. Xususan, turli siyosiy cheklovlar, ayniqsa muxolifat va OAVlarga bosim kamayishi mumkin. Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurash va iqtisodiy islohotlar ham jadallashtirilishi kutilmoqda.

Har holda Erdo`g`on kaltabin siyosatchi emas. U ayrim hamkasblariga o`xshab, o`z hokimiyatini majburlovchi va repressiv siyosat bilan uzoq ushlab tura olmasligini yaxshi tushunadi. 

Shuningdek, AKP etakchilari partiyaning mintaqaviy bo`linmalarida kadrlar o`zgarishini amalga oshirishi kutilmoqda. Tashqi siyosatda esa, katta ehtimol bilan, rasmiy Anqara G`arb bilan, xususan, AQSh va Evropa Ittifoqi bilan yaqinlashuv kursiga ko`proq e`tibor qaratishi mumkin. Chunki Erdo`g`onga muxolif kuchlar ayni shu masalaga e`tibor qaratishadi. Erdo`g`on ularga bu imkoniyatni berib qo`yishi mantiqqa to`g`ri kelmaydi.

Shu bilan birga, Turkiyadagi navbatdagi siyosiy reallikda Erdo`g`on Turkiya-Rossiya munosabatlarida ham o`zgarish yasashi mumkin. To`g`ri, Turkiyaning G`arb bilan Rossiya manfaatlariga zid ravishda yaqinlashuv jarayoni o`tgan yilning bahorida bo`lib o`tgan prezidentlik saylovlaridan so`ng boshlangan edi. Biroq ayni paytda Erdo`g`on va uning siyosati Rossiya uchun eng maqbul variant bo`lib qolaveradi. Zero, Erdo`g`onga muxolif partiya va unga oxirgi prezidentlik saylovlarida raqib bo`lgan Kamol Qilichdoro`g`li Rossiya bilan aloqalarni keskinlashtirish va to`la G`arbga yuzlanish tarafdori ekanligini bir necha bor rasman e`lon qilgan. Erdo`g`on esa G`arb-Rossiya to`qnashuvlarida Rossiya uchun ayrim foydali qadamlari va samarali vositachiligi bilan mashhur bo`ldi. Shu nuqtai nazardan, Rossiya ham Erdo`g`onning hokimiyatda qolishi va pozisiyalarini mustahkamlashidan manfaatdor. Demakki, amaldagi rus hukumati Turkiya bilan ikkitomonlama va o`zaro foydali aloqalarni yanada kuchaytirishi kutilmoqda. 

Xulosa qilib aytganda, Turkiyada bo`lib o`tgan munisipal saylovlarni mamlakatning ichki va tashqi siyosatida ijobiy o`zgarishlarga sabab bo`lgan siyosiy tadbir deya baholash mumkin. Qolganini esa vaqt ko`rsatadi. 

                                                                                                                                                                                                                                                                        Abdulloh SAYYID

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1