1

Ozarbayjonning Ganja shahrida O`zbekistonning faxriy konsulxonasi ochildi

Jamiyat 21.04.2024, 22:53
Ozarbayjonning Ganja shahrida O`zbekistonning faxriy konsulxonasi ochildi

Ozarbayjonning qadimiy shaharlaridan biri — Ganjada O`zbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar qilmoqda. 

O`zbekiston faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi Ganja shahar ijro hokimiyati boshlig`i Niyazi Bayramov, Ganja shahridagi Turkiya va Gruziya Bosh konsulxonalari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari, ilm-fan namoyandalari, faol vatandoshlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida bo`lib o`tdi.

Tantanali tadbirda so`zga chiqqanlar ushbu voqea qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamda sherikchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish uchun ajoyib imkoniyat yaratishini ta`kidladilar. Shuningdek, Ganjada O`zbekiston faxriy konsulxonasining ochilishi ikki qardosh mamlakat solnomalarida tarixiy voqea sifatida qayd etilishi aytib o`tildi.  

O`zbekistonning Ozarbayjondagi birinchi faxriy konsuli etib Kyanan Jalilov tayinlandi.

Faxriy konsulxonasi o`z okrugi doirasida mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizga investisiya va sayyohlarni jalb etish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ko`maklashadi.

Rasmiy ochilish marosimidan so`ng elchixona xodimlari tomonidan ushbu shaharda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1