Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz saqlab qolish to`g`risida qaror qabul qildi.
Rasmiy ma`lumotnomaga ko`ra, iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlarga fundamental monetar omillar ta`siri bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Shu bilan birga, joriy yil 1 maydan ayrim tartibga solinadigan tariflarning erkinlashtirilishi, umumiy inflyasiyaga bir martalik ta`sir ko`rsatishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvi, inflyasiyaning yangilangan prognoz koridorining yuqori chegaralariga nisbatan ham joriy pul-kredit sharoitlari nisbatan qat`iy fazada shakllanganligini inobatga olib, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz saqlab qolish to`g`risida qaror qabul qilgan.
Qayd etilishicha, umumiy inflyasiya yil boshidan pasayishda davom etib, mart oyida yillik 8 foizni tashkil etdi. Bunda, oziq-ovqat tovarlari inflyasiyasida sezilarli pasayish kuzatilgan.Tashqi oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar dinamikasi import inflyasiyasiga pasaytiruvchi ta`sir ko`rsatgan.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko`rib chiqish bo`yicha navbatdagi yig`ilishi 2024 yil 13 iyunga belgilangan.