1

Jamoatchilik muhokamasi: An`anaviy giyohvandlikdan zamonaviy narkosavdogacha

Jamiyat 07.05.2024, 21:07
Jamoatchilik muhokamasi: An`anaviy giyohvandlikdan zamonaviy narkosavdogacha

Giyohvandlik global ijtimoiy muammolardan biri bo`lib qolmoqda. Giyohvandlikka qarshi kurashish borasidagi sa`y-harakatlar, chora-tadbirlar, reabilitasiya dasturlari ishlab chiqilganiga qaramay, dori vositalarining yangi turlari va ularning targ`iboti kundan-kunga kuchayib bormoqda. Mazkur masalada O`zbekistondagi holat qanday? 6-may kuni “Yuksalish” harakati tomonidan tashkil etilgan navbatdagi jamoatchilik muhokamasida shu haqda so`z bordi.

Muhokama avvalida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi bo`lim mudiri Shuhratjon G`ulomov respublikamizda giyohvandlik bilan bog`liq vaziyatga to`xtaldi.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, narkotik moddalar bilan jinoyat sodir etishlar soni 2023-yilda avvalgi yilga nisbatan 15,3 %ga oshgan. Ya`ni 10 mingdan ortiq jinoyat. Bu O`zbekiston uchun oxirgi yillardagi rekord ko`rsatkichdir. So`nggi besh yilda 17 tonnadan ortiq narkotik moddalar musodara qilingan.

– Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarining yangi xurujlari paydo bo`lmoqda, - deydi Shuhratjon G`ulomov. – Uning tarqalishida Internet tarmoqlaridan keng foydalanilmoqda. Narkotikka tobelik, narkojinoyatlar tendensiyasi ham o`zgarib boryapti. An`anaviy giyohvandlik moddalaridan ko`ra, sintetik va kuchli ta`sir qiluvchi dorilar iste`moli ortgan.  

Yana raqamlarga yuzlansak: 2018—2019-yillarda 350 gr.dan ortiq “sintetik dorilar” musodara qilingan bo`lsa, 2023-yilga kelib bu ko`rsatkich 78,6 kg.ni tashkil etdi. 2022-yilda narko dispanserlarda 330 nafar giyohvand ro`yxatga olingan bo`lsa, 2023-yilda ularning soni 845 nafargacha oshgan. Umumiy ro`yxatdagilar orasida ayollar ulushi 2,3 %ni, 15-29 yoshlilar ulushi 42,7 %ni tashkil etgan. Afsuski, giyohvandlik “yosharib bormoqda”.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida O`zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo`yicha 2024 – 2028-yillarga mo`ljallangan milliy strategiya ishlab chiqildi. Strategiyani ishlab chiqishda 100 dan ortiq mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

Ichki ishlar vazirligi mutaxassisi Qobil Zohidov ta`kidlashicha, sintetik dori vositalarining asosiy qismi 2023-yilga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida aniqlangan. O`tgan yili bu Andijon, Surxondaryo va Jizzax, Samarqand, Navoiy viloyatlariga ham kirib bordi.

Mamlakatimizda yoshlarni ularning zararli ta`siridan xabardor qilishga qaratilgan profilaktika tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Bundan tashqari, vazirlik va idoralar tomonidan sog`lom avlodni voyaga etkazishga qaratilgan sport tadbirlari, flesh-moblar o`tkazib kelinayotgani salbiy ijtimoiy hodisaga qarshi turishda o`ziga xos to`siq bo`lib xizmat qilmoqda.

Bojxona qo`mitasining kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi Baxtiyor Irgashev ta`kidlashicha, narkosavdogarlar narkotiklarni mamlakat hududiga olib kirishning yangi usullaridan foydalanmoqda. Bu borada Qozog`iston, Rossiya maxsus xizmatlari bilan birga, xalqaro darajadagi tezkor qidiruv tadbirlari o`tkazib kelinmoqda. Kuchli ta`sir qiluvchi moddalar kontrabandasi ham ko`paymoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi narkologi Muqaddas Rustamova giyohvandlik irsiy moyillik, shuningdek, ijtimoiy muhit kabi omillar tufayli yuzaga kelishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, oilada qo`yilgan poydevor va qadriyatlar muhim ahamiyatga ega. Mutaxassisning fikricha, bolaning ijtimoiylashuvini e`tiborsiz qoldirmaslik kerak.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1