14-15 may kunlari Toshkent shahrida “Ayollar etakchiligini rag`batlantirish” mavzusida trening bo`lib o`tmoqda. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qildi.
Mashg`ulotlar Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir jamiyat hayotining turli jabhalarida, jumladan, iqtisodiyot, siyosat, ta`lim va madaniyat sohalarida xotin-qizlar mavqeini oshirishga qaratilgan innovasion yondashuvlarni muhokama qilish uchun qulay maydon bo`lib xizmat qilmoqda. O`quv mashg`ulotlarida Oliy sud, Bosh prokuratura, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Bojxona qo`mitasi vakillari ishtirok etmoqda.
Etakchilik va boshqaruvni rivojlantirish bo`yicha xalqaro ekspert Elena Moll mashg`ulotlarda asosiy trener sifatida qatnashmoqda.
O`zbekiston BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to`g`risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirishda ulkan ijobiy tajribaga ega. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o`z kirish so`zida batafsil to`xtaldi.
O`zbekistonda gender siyosatini amalga oshirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar alohida qayd etildi. Jumladan, parlamentdagi xotin-qizlarning ulushi izchil ortib borayotgani va ayni vaqtda bu ko`rsatkich 32 foizdan oshganiga e`tibor qaratildi.
Mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlarida xotin-qizlarning o`rni va rolini kuchaytirish nafaqat milliy xavfsizlikni ta`minlash bilan bog`liq muhim sohalarda ushbu jins vakillarining keng ishtirokini ta`minlash, ayni chog`da mazkur yo`nalishda istiqbolli qarorlar qabul qilish jarayonlarini turli nuqtai nazarlar bilan boyitish imkonini ham beradi. Bunday yondashuv, A.Saidov ta`kidlaganidek, davlatning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor hisoblanuvchi tenglik va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etishning asosiy omillaridandir.
Bugungi kunda mamlakatimizda turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida 2 ming nafarga yaqin mutaxassis xotin-qiz mehnat qilmoqda. Bu raqam umumiy ko`rsatkichning qariyb 37 foizini tashkil etmoqda va tobora ortib bormoqda. Bunday yutuqlarga O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy mavqeini mustahkamlashga qaratilgan tizimli qonunchilik tashabbuslari tufayli erishayapmiz.
So`nggi yillarda ta`lim, mehnat va ijtimoiyot sohalaridagi resurslar hamda imkoniyatlardan ayollar va erkaklarning teng foydalanishini ta`minlashga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Bu o`rinda, jumladan, "Ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarining kafolatlari to`g`risida" hamda “Ayollarni zulm va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi qonunlarni sanab o`tish mumkin.
A.Saidov o`z so`zi yakunida seminar ishtirokchilarini O`zbekistonda to`liq gender tengligi sari intilishni davom ettirishga chaqirdi. Buning uchun, o`z navbatida, olingan bilim va amaliyotlarni hayotga faol tatbiq qilish taqozo etiladi.
EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisining xalqaro maslahatchisi Endryu Yukovskiy ta`kidlaganidek, BMT Xavfsizlik kengashi 2000 yilda ayollar, tinchlik va xavfsizlik bo`yicha o`zining birinchi tarixiy rezolyusiyasini qabul qildi. BMT Xavfsizlik kengashining 1325-sonli mazkur hujjati o`ziga xos amaliy vosita va andoza hisoblanadi, chunki bu bilan tinchlik va xavfsizlikni saqlash hamda mustahkamlashda ayollarning to`laqonli ishtiroki muhimligi jahon hamjamiyati darajasida ilk marta e`tirof etilgan.
O`z navbatida, xalqaro ekspert Elena Moll “Ayollar etakchiligini rag`batlantirish” tashabbusining strategik ahamiyatiga e`tiborniqaratdi. Uning fikricha, mazkur trening nafaqat ishtirokchilar malakasini oshirishga xizmat qiladi, balki ko`p tarmoqli bilim va tajriba almashish, shuningdek, turli sohalarning etakchi ayollari o`rtasida ilg`or amaliyotlar shakllanishi uchun o`ziga xos platforma vazifasini o`taydi.
Trening doirasida ayollar etakchiligini targ`ib qilish bo`yicha xalqaro va milliy ekspertlar o`z bilim, ko`nikma va tajribalari bilan o`rtoqlashmoqda. Ular dunyoning turli mintaqalarida etakchilik rollarini egallashda ayollar duch keladigan asosiy muammo va qiyinchiliklarni tahlil etgan holda, bu boradagi eng maqbul echimlarni ilgari surmoqdalar.
Muhokamalarda muvaffaqiyatli amaliyot va strategiyalar izchil o`rganilmoqda. Xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi ta`sirini oshirishga qaratilgan normalar va qonunchilik chora-tadbirlarinihayotimizga samarali tatbiq etishga oid misollar atroflicha ko`rib chiqilmoqda.
Tadbir uning ishtirokchilari bo`lgan huquqni muhofaza qilish organlari vakillari uchun foydali va ahamiyatlidir. Chunki ularning orttirgan yangi bilim va ko`nikmalari xotin-qizlar etakchiligini ta`minlash borasidagi faolligini yanada oshirishga hamda kasb mahoratini mustahkamlashga xizmat qiladi.