AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 9 mlndan ortiq oila bor

'O`zbekistonda 9 mlndan ortiq oila bor'ning rasmi

Davlatimiz rahbarining qarori bilan O`zbekistonda oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilingan. Mazkur asosga ko`ra, 2019 yildan e`tiboran mamlakatimizda har yili 15 may – Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi. 15 may – Xalqaro oila kuni hozirgi kunda BMTga a`zo deyarli barcha davlatlarda nishonlanadi.

Albatta, oilaning mustahkamligi, farzandlarning to`g`ri tarbiya olishi ko`p jihatdan oila bekalarining ma`rifatli bo`lishiga bog`liq. Raqamlarga yuzlansak, mamlakatimizda 2022-2023 yillarda xotin-qizlarning 100 ming nafardan ortig`i imtiyozli asoslarda oliygohlarga qabul qilingan bo`lsa, hozirda 14 ming nafardan ziyod ayollar magistraturada bepul ta`lim olmoqda.  

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, hozirda mamlakatimizda 9 milliondan ortiq oila bor va har yili o`rtacha 250 – 300 ming yangi oila qurilmoqda. Shu bilan birga, oilalarda ajralishlar ham qayd etilayotgani, bu ko`rsatkich 2024 yilning yanvar – mart oylarida 11,5 mingtani tashkil etgani nafaqat davlat, balki jamiyat miqyosidagi muammodir. Darz ketgan 11,5 ming oila qo`rg`onining 46,2 foizi farzandsiz bo`lgan, 29,6 foizida 1 nafar farzand bilan, 24,2 foizida 2 va undan ortiq farzand bilan ajralish kuzatilgan.

Xo`sh, bugungi kunda oilalar buzilishining, nikohdan ajralishlarning asosiy sabablari nimada?

Birinchidan, yoshlarning ixtiyoriy roziligisiz, ota-ona yoki yaqin qarindoshlarning bosimi bilan qurilgan oilalar ajralishga moyil bo`ladi. Agar yoshlar o`rtasida birgalikdagi turmush davrida mehr paydo bo`lmasa, bunday oila poydevori mo`rt binodek omonat: o`zaro kelishmovchiliklar, dunyoqarashning mos kelmasligi nikohdan ajralishga olib kelishi mumkin.

Naql qiladilarki, Sa`diy Sheroziy safarda yurganida faranglarga asir tushadi, uni qul qilib, bir shaharga olib boradilar. Nogoh bir savdogar ulug` shoirni tanib qoladi va 10 dinor evaziga uni asirlikdan qutqaradi. Keyin yuz dinorlik qalin puli bilan shoirni o`z qiziga uylantiradi. Uning qizi o`ta janjalkash bo`lib, oxiri, “Sizni otam 10 dinor berib qullikdan xalos qilmaganmidi?” deya ta`na qilishgacha boradi. Shunda Sheroziy: “Ha, men otang 10 dinor berib qullikdan ozod qilgan, keyin 100 dinor berib changalingga tashlagan odamman”, deya o`sha shahardan bosh olib ketgan ekan.

Ikkinchidan, farzandsizlik ham ko`p hollarda nikohdan ajralishga sabab bo`lmoqda. Bugungi kunda tibbiyot ancha rivojlangan va ushbu muammoning bir qancha echimlari mavjud. Faqatgina har ikki tomon buni to`g`ri qabul qilishi va bir-birini qo`llab-quvvatlashi zarur.

Uchinchidan, ayolning o`zi kelin bo`lib tushgan xonadon muhitiga moslasha olmasligi, qaynona-kelin munosabatlaridagi tushunmovchiliklar, mayda maishiy gap-so`zlar ham aksar oilalarning parokanda bo`lishiga olib kelmoqda. Bu o`rinda oilaning, ayniqsa, yoshi katta a`zolaridan sabrli va oqil bo`lish talab etiladi. Ular yoshlarga oilaning muqaddas ekanini tushuntirishlari lozim.

To`rtinchidan, iqtisodiy etishmovchiliklar sababli buzilgan oilalar ham uchrab turadi. Unutmaylikki, har bir ota-ona o`z farzandini ilmli qilish, hayotga tayyorlash va jamiyatda o`z o`rnini topishiga ko`maklashishga burchlidir. Agar yoshlar kasbu korli bo`lib, iqtisodiy tomondan tayyor bo`lgandagina oila qurishsa, bu kabi muammolar sezilarli darajada kamayadi.

Albatta, oilalar mustahkamligiga ta`sir etuvchi omillar va sabablar turli-tuman. Ammo ularning negizida nikohlanuvchi yoshlarning oila haqida to`g`ri tasavvurga ega bo`lishlari, uning muqaddasligini anglashlari, ota va ona degan yuksak maqomning mas`uliyatini his etishlari mujassam. Shundagina oilalarimiz farovon, farzandlarimiz baxtli bo`ladi. Jamiyatimiz manfaat, davlatimiz ravnaq topadi.

 

                                                                                                                                                                                                      Azizbek RAMAZONOV,

                                                                                                               “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o`rinbosari

    Boshqa yangiliklar