AQShning G`arbiy Virginiya shtatidagi Poynt-Plezanta shahri aholisi o`tgan asrning oltmishinchi yillarida paydo bo`lgan Kapalak-odamni qayta uchratib, suratga oldi, deb xabar berdi “Nonbox.ru” nashri.
Guvohlarning ma`lumot berishicha, bu mavjudotning bo`yi ikki metr bo`lib, insonga o`xshab ketadi, badanini kulrang tuk qoplagan. Uning oyog`i inson oyog`ini eslatadi, ammo qo`llari yo`q. Elkasida, yozganda uch metrgacha etadigan qanotlari bo`lib, u ko`rshapalakning qanotini eslatadi.
Uning yana bir o`ziga xos xususiyati katta, odamlarni gipnoz holatiga tushiradigan qip-qizil ko`zlaridir. Mavjudot gapirishni bilmaydi, ammo ayol qichqirig`iga o`xshagan ovoz chiqaradi. Guvohlar uni bir necha marotaba suratga olishga muvaffaq bo`lishdi. Shunday suratlardan biri 1967 yilning yanvarida, Poynt-Plezanta shahridagi kumush ko`prikning qulashi oldidan olingan edi. Guvoh qanotli mavjudotni ko`prik ustida o`tirganda suratga tushirgan. Dekabr oyida esa mazkur ko`prik vayron bo`lib, oqibatda qirq olti kishi halok bo`lgan. Paranarmol holatlarni o`rganuvchi tadqiqotchilar bu sirli mavjudot falokatdan xabar berishini taxmin qilmoqdalar. Shu falokat voqealari asosida 2002 yilda “Kapalak-odamning bashorati” nomli mistik triller suratga olingan edi.
Yakshanba, 20 noyabr kuni Poyt-Plezanta shahrining bir fuqarosi yana afsonaviy mavjudotni suratga olishga muvaffaq bo`ldi. Kechqurun ishdan qaytayotgan erkak bir daraxtdan ikkinchi daraxtga sakrayotgan yirik mavjudotni ko`rib qoldi. U shoshilib fotoapparatni olgancha, qorong`i osmon fonida sirli mavjudotni suratga oldi. Uni sezib qolgan mavjudot esa, qanot qoqib uchib ketdi. Erkak suratlarni tomosha qilganda, tabiatda bunday hayvon uchramasligini angladi va zudlik bilan mahalliy “WSAZ” telekanali jurnalistlari bilan bog`landi. Bu voqea haqidagi reportaj Poynt-Plezanta shahrida katta shov-shuvlarga sabab bo`ldi, chunki Kapalak-odam ancha yillardan beri paydo bo`lmay qo`ygandi.
Shahar aholisi qo`rquv bilan bir paytda o`zining sirli mavjudoti bilan faxrlanadi. Kapalak-odam hali hech kimga hujum qilmagan bo`lsa-da, u paydo bo`lgandan keyin albatta, biror falokat yuz beradi. “Mabodo sirli mavjudot yana biror narsadan ogohlantirish uchun paydo bo`lgan bo`lsa-chi?”, degan fikr odamlarni tahlikaga solmoqda.