AsosiyIqtisodiyot

Rublning O`zbekiston eksport va importidagi ulushi oshib bormoqda

'Rublning O`zbekiston eksport va importidagi ulushi oshib bormoqda'ning rasmi

Strategik islohotlar agentliginining ma`lum qilishicha, butun dunyo tovar savdosining qariyb 80 foizi dollarda amalga oshiriladi. Xususan, tovar eksportidagi dollar ulushi Amerika qit`asida 96 foiz, Osiyo–tinch okeanida 74 foiz, Evropada 23 foiz, dunyoning boshqa davlatlarida 79,4 foizni tashkil etadi.

O`zbekistonning tashqi savdosida dollar va evroning ulushi yuqori hisoblanadi. Xususan, 2019 yilda importda evro va dollarning ulushi 95 foizni tashkil etgan (dollar 83 foiz, evro 12 foiz) bo`lsa, 2023 yilga kelib bu ko`rsatkich 89,4 foizgacha kamaygan (dollar 79,5 foiz, evro 9,9 foiz). Eksportda esa dollar va evroning ulushi 2019 yildagi 99,1 foizdan, 2023 yilda 93,2 foizgacha kamaygan.

Bunda, rublning ulushi eksportda so`nggi 5 yilda 0,8 foizdan 5,3 foizga etgan bo`lsa, importda 4,2 foizdan 7,6 foizgacha etgan.

Shuningdek, tashqi savdoda so`m ham oz bo`lsada qo`llanilib, 2019 yilda 8,7 mln dollarlik import tovarlar (ulushi 0,0 foiz), eksportda 2,4 mln dollarlik tovarlar so`mda savdo qilingan bo`lsa, 2023 yilga kelib so`mdagi import 87 mln dollarga (ulushi 0,3 foiz), eksportda esa 21,2 mln dollarga etgan (ulushi 0,2 foizi).

Hozirda ba`zi davlatlar yoki iqtisodiy bloklar tashqi savdoni amalga oshirishda milliy valyutalardan foydalanadi. Xususan, Evropa ittifoqida tashqi savdosining 66 foizi evroda amalga oshiriladi. Rossiya boshqa davlatlar bilan savdolarda asosan rubl va yuandan foydalanadi. Bu ikki valyutaning umumiy RF tashqi savdosidagi ulushi 70 foizdan oshadi (rubl 40 foiz, yuan 30 foiz).

Ma`lumot o`rnida, 2019 yilda Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston kabi qo`shnilarimizning birontasi xalqaro savdoda milliy valyutasidan foydalanmagan. Xususan, Qozog`iston eksportining 87 foizi va importining 55 foizini dollarda, Qirg`iziston eksportining 67 foizi va importining 78 foizini dollarda amalga oshirgan. O`zbekiston esa eksportining 96 foizi va importining 81 foizini dollarda amalga oshirgan.

O`zbekiston tomonidan xalqaro savdoda so`mdan foydalanish imkoniyati cheklangan. Ba`zi qo`shni davlatlar bilan to`g`ridan to`g`ri shartnomalar orqali tashqi savdoning bir qismini milliy valyutaga o`tkazish mumkin. Lekin tashqi savdoning asosiy qismini milliy valyutaga o`tkazishga urinish birinchidan imkonsiz (infratuzilma yo`qligi sababli), ikkinchidan judayam qimmatga tushadi.

2023 yilda tashqi savdo defisiti 17,4 mlrd dollarni tashkil etgan, ya`ni sof holatda O`zbekistonning chet el valyutasiga ehtiyoji mavjud. Agar tashqi savdoda profisit shakllanganda boshqa davlatlarda milliy valyutamizga talab bo`lishi mumkin edi.

Boshqa davlatlardan, milliy valyutada mahsulotlarni sotishga undash ular tomonidan ham xuddi shunday harakatlarning javoban qo`llanishiga olib keladi. Bu esa, o`z navbatida, savdo hajmining qisqarishi, import tovarlar narxining oshishi (noekvivalent yoki bozorga noxos almashuv pariteti tufayli) va eksport tovarlarga bo`lgan talabni pasaytiradi.

    Boshqa yangiliklar