AsosiyDunyo

O`zbekistonda vaziyat qanday?

'O`zbekistonda vaziyat qanday?'ning rasmi

BMTning bolalarga yordam fondi – UNICEF 2024 yil uchun e`lon qilgan hisobotga ko`ra, mamlakatimizda bolalar oziq-ovqat kambag`alligi 11 foizni tashkil etadi.

Bu ko`rsatkich bo`yicha O`zbekiston Shimoliy Makedoniya va Qirg`iziston o`rtasida joylashgan. Bizga qo`shni davlatda bolalarning 12 foizi to`yib ovqat emaydi. Eng yaxshi ko`rsatkich Turkmanistonda (4 foiz) qayd etilgan.

O`zbekistondagi har 10 boladan biri to`yib ovqatlanmaydi. UNICEF hisobotiga ko`ra, dunyodagi 64 ta davlatda erta yoshdagi – 5 yoshgacha bo`lgan bolalar o`rtasida risoladagidek ovqatlanmaslik muammosi o`tkir tus olgan. O`zbekiston muammoning ko`lami o`rta darajada xavotirli mamlakatlar ro`yxatiga kiritilgan.  

Hisobotda keltirilishicha, dunyo miqyosida bolalarning 440 millioni to`yib ovqatlanmaydi, ularning 181 mln. nafari, ya`ni jahondagi har 4 boladan biri (27 foizi) o`tkir ovqat kambag`alligi muammosidan aziyat chekadi.

Vaziyat eng yomon bo`lgan mintaqa Janubiy Osiyo bo`lib, bu erda 130 mln. bola shunday muammoga duchor bo`lgan. G`arbiy va Markaziy Afrikada 73 mln. bola to`yib ovqatlanmaydi. Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda jami 30 mln. bola ovqat kambag`alligi muammosi girdobida qolgan.  

UNICEF hisobotida keltirilgan ro`yxatning yuqori qatorlarini, ya`ni mazkur muammo o`tkir hisoblanuvchi davlatlar ro`yxatini Somali, Gvineya, Afg`oniston, Efiopiya, Hindiston, Pokistan, Senegal va Tojikiston band qilgan.

Muammo ko`lami pastroq davlatlar ro`yxatidan esa Belarus, Serbiya, Kosta-Rika, Peru va boshqa davlatlar joy olgan.

Qayd etish joiz, bolalarning ovqat kambag`alligi muammosi Evropa va rivojlangan davlatlarda deyarli yo`q. Sharqiy Evropa davlatlari orasida bu ro`yxatga faqat Serbiya (2%) va Belarus kiritilgan bo`lib, jumladan, Belarus eng “yaxshi” ko`rsatkichni namoyon qilgan: bu erda bolalarning atigi 1 foizi to`yib ovqat emaydi, xolos. Dunyoning ikkinchi qudratli iqtisodiyotiga ega, ammo aholisi 1 mlrd. kishidan ko`p Xitoyda esa bu ko`rsatkich 10 foizni tashkil etadi.

Ovqatlanish kambag`alligi qanday aniqlanadi?

Bolalarning oziq-ovqat kambag`alligi ularning ovqatlanish rasioni ko`rsatkichlari asosida aniqlanadi. Mazkur tamoyil UNICEF hamda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan. Bolalarning sog`lom o`sishi va rivojlanishi uchun 8 ta guruhdagi kamida 5 ta mahsulot – ona suti, don mahsulotlari (ildizmeva, meva hamda tropik mevalar), dukkakli mahsulotlar (yong`oq va urug`lar), sut va go`sht mahsulotlari (shu jumladan, qush va baliq go`shti), tuxum, “A” vitaminiga boy meva hamda sabzavotlar, shuningdek, boshqa turdagi meva-sabzavotlar ovqatlanish rasionida bo`lishi talab etiladi.

Tadqiqotchilarning bildirishicha, bolalarning to`yib ovqat emasligiga 3 ta asosiy sabab mavjud: bu - nomaqbul ovqatlanish muhiti, noto`g`ri ovqatlanish rasioni va oilaning kamdaromadli ekani bilan bog`liq.

Nega Turkmanistonda 4 foiz?

Ta`kidlash lozim, bolalar kambag`alligi ko`rsatkichi uy xo`jaliklari orasida so`rov o`tkazish natijasida aniqlanadi. Narxlar o`sishi va oziq-ovqat taqchilligi kuchayib borayotgan, odamlar non olishga navbat talashayotgan, so`z erkinligi va statistik ma`lumotlar shaffofligi hamda xolisligi gumon ostida bo`lgan, odamlar hukumat zug`umidan qo`rqib o`z fikrini ochiq ayta olmaydigan Turkmanistonda bolalar kambag`alligi ko`rsatkichi nega atigi 4 foiz ekanini shu erdan anglab olsa bo`ladi.

O`zbekistonga kelsak, Statistika qo`mitasi va Jahon banki bilan hamkorlikda o`tkazilgan tadqiqotlar doirasida 2021 yilda mamlakat bo`ylab 10 ming xo`jalik, o`tgan yili esa 16 ming xo`jalik o`rtasida so`rov o`tkazilgan.

Shu o`rinda qayd etish lozim, davlatlar aholi kambag`alligini yashirishdan ham unchalik manfaatdor emas. Chunki bu xalqaro moliyaviy donorlarning, jumladan, Jahon bankining gumanitar yordam va kreditlarini olish uchun sabab bo`lib xizmat qiladi. Lekin bunday yordam va kreditlarning qizig`i yo`q, faqat o`zidagi muammolarni yashirish bilan ovora nodemokratik tuzumlar esa istasa bu foizni o`ta kam qilib ko`rsatadi, istasa “bizda bunday muammo yo`q”, deya hisobot beradi. Masalan, narxlar o`sib, inflyasiya kuchaygan,  oziq-ovqat tanqisligi bois odamlar ochlikdan o`layotgan  Shimoliy Koreya bu ro`yxatda yo`q.

O`zbekistonda ijobiy tendensiya qayd etilgan

O`zbekistonda bolalar kambag`alligi borasidagi tadqiqotlar 2011 yildan beri o`tkazib kelinayotgan bo`lib, o`sha yili bu ko`rsatkich 21,5 foiz ekani aniqlangan edi. O`tgan yilda esa bolalarning 13,7 foizi to`yib ovqatlanmasligi ma`lum bo`lgan. Shu jihatdan olib qaraganda, O`zbekistonda vaziyatning yaxshilanish tendensiyasi kuzatilmoqda. Zero, ijtimoiy himoyaga e`tibor kuchaytirilayotgani yaxshi samara beryapti. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko`ra, tegishli ijtimoiy to`lovlar bo`lmaganida bolalar kambag`alligi 1,6 baravar yuqoriroq bo`lardi.

Muammoni bartaraf etish bo`yicha tavsiyalar

UNICEF hisobotida bolalarning oziq-ovqat kambag`alilligini bartaraf etish bo`yicha tavsiyalar ham berilgan.

Hisobotda aytilishicha, dunyo miqyosida o`sib borayotgan tengsizlik, mojarolar va iqlim inqirozlari, oilalarning past daromadli ekani, nosog`lom oziq-ovqat mahsulotlarining haddan tashqari keng ommalashuvi va bolalarning noto`g`ri ovqatlanish amaliyoti millionlab bolalarni erta yoshdagi o`tkir oziq-ovqat kambag`alligi ostida qoldirmoqda.

O`tkir bolalar oziq-ovqat kambag`alligining ko`lami, so`nggi o`n yillikdagi sekin taraqqiyot va yosh bolalarning ovqatlanishiga tahdidlarning kuchayishi jahondagi davlatlar muammoni chuqur anglab, o`z zimmasiga tegishli majburiyat olishini, bu boradagi siyosatid tub o`zgarishlar yasashini talab qiladi.

Kontekstlar turlicha bo`lishiga qaramasdan, bolalar oziq-ovqatining o`tkir kambag`alligini tugatishning asosiy kun tartibi quyidagi muvofiqlashtirilgan va bir-birini to`ldiruvchi rivojlanish va gumanitar harakatlarni o`z ichiga oladi:

1. Bolalar oziq-ovqat kambag`alligini tugatishni siyosiy majburiyat sifatida belgilash va oziq-ovqat kambag`alligini kamaytirish bo`yicha global va milliy oziqlanish va rivojlanish maqsadlariga erishishga intilish talab etiladi.

2. Ozuqaviy qimmatga ega, xilma-xil va sog`lom oziq-ovqatlar erta yoshdagi bolalar uchun eng qulay variant bo`lishini, oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqarish sanoati bolalarni zararli oziq-ovqat va ichimliklardan himoya qilishga qaratilgan siyosat va qoidalarga rioya etishini ta`minlash orqali oziq-ovqat tizimlarini o`zgartirish lozim.

3. Bolalar to`yib ovqatlanmasligining oldini olish va davolash uchun zarur oziqlanish xizmatlari, xususan, maslahat, qo`llab-quvvatlash va jamoat xizmatlarini ko`rsatish uchun, erta yoshdagi bolalarni oziqlantirish va parvarish qilish amaliyotini yaxshilash uchun sog`liqni saqlash tizimlaridan foydalanish kerak.

4. Bolalar va ularning oilalarining oziq-ovqatga bo`lgan ehtiyojlarini himoya qilish uchun samarali ijtimoiy to`lovlarni (naqd pul, ovqat taloni va oziq-ovqat mahsulotlari) o`z ichiga olgan ijtimoiy himoya tizimlarini faollashtirish zarur.

5. Bolalar oziq-ovqat kambag`alligining tarqalishi va og`irligini baholash va uning omillarini aniqlash uchun, shuningdek, bolalar oziq-ovqat kambag`alligining o`sishini erta bosqichda, shu jumladan nobarqaror va gumanitar sharoitlarda o`z vaqtida aniqlash; milliy va global miqyosda bolalarning oziq-ovqat kambag`alligini kamaytirish borasidagi yutuqlarni kuzatib borish uchun ma`lumotlar yig`ish tizimini mustahkamlash tavsiya etiladi.

                                                                                                                                                                                           Abdulloh Sayyid

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar