1

Ta`limga ishonch kamayganmi yoki davlatgami?

Jamiyat 03.07.2024, 21:18
Ta`limga ishonch kamayganmi yoki davlatgami?

Bilimni baholash agentligi ma`lum qilgan statistik ma`lumotlarga qaraganda, bu yil oliy o`quv yurtlariga 894 279 nafar abiturient hujjat topshirgan. Bu esa o`tgan o`quv yilidan 54 207 nafarga kam, degani. Xo`sh, ushbu tafovutning sababi nima?

BIRINChIDAN, bugun O`zbekiston yoshlari davlat oliyta`limmuassasalarini (OTM) ma`qul ko`rishmoqdami yoki xususiy OTM larinimi? Balki o`quvchilar tinimsiz shug`ullanishni emas, pul evaziga talaba bo`lishni ma`qul ko`rishayotgandir. Shuning uchun ham davlat OTM lariga bo`lgan ehtiyoj nisbatan kamaygan bo`lishi ehtimoldan xoli emas. Sababi yildan yilga xususiy ta`lim dargohlari ko`payib bormoqda. Albatta, bu borada juda ko`pchilik “O`quv yurtiga kirgandan so`ng o`qish muhim shundagina kishi o`z sohasi mutaxassisiga aylanadi” deb javob berishi mumkin. Lekin, o`qishga kirgunga qadar o`qimagan, o`z ustida ishlamagan yoshlarning o`qishga qabul qilingandan so`ng soha mutaxassisi bo`lish uchun biror fan yoki jarayonni o`rganishi ham dargumondir. 

IKKINChIDAN, universitetda o`qishga nisbatan qiziqish kamaygani tez-tez o`zgarayotgan yangi tartiblar bilan ham aloqador bo`lishi mumkin. Chunki bu yilgi tartib va tizim keyingi yilga umuman to`g`ri kelmay qo`ydi. Maktabni tamomlab, yangi hayotga qadam qo`yayotgan yoshlar ustida yangi islohotlar, chet el talablari orqali tajriba o`tkazilayotganga o`xshaydi. Tushunarliroq aytganda, bu holat faqat abiturientlarga emas, ularning ota-onalariga ham qiyinchilik tug`dirmoqda. Masalan, bitta farzandi talaba bo`lgan ota-ona keyingi farzandi hujjat topshiradigan paytida tartib o`zgargani bois tushunmasligi va bu anglashilmovchiliklarga sabab bo`lishi mumkin. 2022-2023 va 2023-2024 o`quv yillaridagi o`qishga kirish, hujjat topshirish hamda oliygoh tanlash tartibi orasida er bilan osmoncha farq bor.

UChINChIDAN, abiturientlarni qiziqtirgan ba`zi savollarga aniq javob yo`qligi va turli mish-mishlar davlat OTMlariga bo`lgan ishonchning pasayishiga sabab bo`lishi mumkin. Shunday mish-mishlardan biri bu maktabni tamomlaganlik haqidagi hujjat – attestat bilan bog`liq. Shu haqida mish-mishlar urchib, “To`liq 5 baho bilan yakunlaganlar imtihonsiz qabul qilanar ekan”, yoki “5 baho bilan maktabni yakunlaganlarga qo`shimcha ball qo`shilar ekan” qabilidagi gaplar har yil oxirida ko`payadi. Tegishli tashkilot va mas`ul mutasaddilarning vaqtida bermagan javobi, ochiqlik kiritilmagani ota-onalarni maktab ma`muriyatiga pora berishga va baholarni yaxshilashga harakat qilishiga sabab bo`ladi. 

Muammo faqat qiziqish kamayganida emas...

Oliy ta`lim dargohiga hujjat topshirish, oliy ma`lumotli bo`lish va fozil odamlar shahrini birgalikda barpo etish haqidagi jarangdor nutq hamda shiorlar baralla yangrab turgan paytda, oliy o`quv yurtiga kirishga bo`lgan qiziqishning kamaygani bir tomon bo`lsa, yildan-yilga yoshlar orasida jinoyatchilikning ortib borayotgani va shu ortib borayotgan raqamlar aynan 18-30 yosh oralig`i, ya`ni oliygoh talabasi bo`lib, hayotda o`z o`rnini topish lozim bo`lgan bir davrda bo`layotgani achinarli holat, albatta.

O`zbekistonning 14–30 yoshdagi jami doimiy aholi soni 9,6 mln nafarni tashkil etadi. Bu esa o`rtacha hisobda 1-2 mln. nafar yoshlar oliy o`quv yurtida o`qish yoshida deganidir. Yoshlarning oliy o`quv yurtlariga hujjat topshirmagan va ishlamayotgan qismi ham bor. Ular hozir nima bilan band? 

Ichki ishlar vazirligi bergan ochiq ma`lumotlar kishini hayratga soladi. Bunga ko`ra 18 -30 yosh oralig`ida sodir etilgan jinoyatlar soni:

09.25.2023 yil – 6915 ta;

2022 yil – 6780 ta;

2021 yil – 5934 ta;

2020 yil – 5393 ta

Ko`rib turganingizdek sonlar yil o`tgani sari oshgandan oshib borgan. 

Shu o`rinda, 2024 yil 2 fevraldagi PQ-54-sonli O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Ta`lim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida qarori ham amaldadir. Aslini olganda bu borada, bu qarordan tashqari ham, qonun, qaror, islohot va farmonlar etarlicha. Lekin negadir bugun bularning ta`siri deyarli sezilayotgani yo`q. 

Mablag`lar ajratilyapti, ammo natija...

Mamlakatimizda davlat g`aznasidan harbiy soha va tibbiyotdan tashqari ta`limga ham yirik ulush, milliardlar ajratiladi. Fikrimizning isboti joriy yilning 25dekabr kuni Prezident 2024yil uchun "O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida"gi Qonunni imzoladi. Qonunga ko`ra, Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligiga 47 trln so`mga yaqin pul ajratildi. Ushbu pullar 9 yo`nalish bo`yicha taqsimlanishi ko`zda tutilgan. Ammo nega, nima uchun ta`lim olishdagi vaziyat ko`ngildagidek emas.

O`zbekistondagi islohotlar va ta`limga qaratilgan e`tiborni Tailand tajribasiga qiyoslashimiz mumkin. Mamlakat tarixiga nigoh tashlaydigan bo`lsak, mustaqillikka erishgan kezlarida daromadining asosiy qismini tibbiyot va ta`limga yo`naltirgan edi. Shundan so`ng mamlakatda yillar davomida taraqqiyot tezlashib, misli ko`rilmagan natijalarga etishgan va bugun dunyoning taraqqiy topgan mamlakatlaridan biridir. 

Bizning mamlakatimizda ham ta`lim uchun millionlar, trillionlar ajratilmoqda. Lekin, shu pullar to`liqligicha soha uchun sarflanyaptimi? Qay maqsadlarda ishlatilyapti? Takror-takror goh u, goh bu xorij tajribasini ko`chirish uchun urinaversak-da, ammo shoxdan shoxga qo`ngan musicha kabi aniq qo`nim topa olmasak, islohotlar bunday vaziyatda o`z samarasini bera olmaydi. Shunday ekan, hujjat uchun, hisobot uchun tartibni yangilashni to`xtatib sifatli ishlashni boshlash lozim. Shundagina davlatga ham, ta`limga ham ishonch ortadi. 

                                                                                                                                                                                                                                                                        Maftuna Yodgorova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1