1

Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va etkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo`lmoqda

Jamiyat 04.07.2024, 18:34
Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va etkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo`lmoqda

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 iyul kuni Ostona shahrida "ShHT plyus" formatining "Ko`p tomonlama muloqotni mustahkamlash - barqaror tinchlik va taraqqiyot sari intilish" mavzusidagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda ShHTga a`zo davlatlar delegasiyalari va uning doimiy faoliyat yurituvchi organlari rahbarlaridan tashqari kuzatuvchi va muloqot bo`yicha sherik mamlakatlar etakchilari, faxriy mehmonlar, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.

O`zbekiston Prezidenti o`z nutqida keng tarkibdagi “ShHT plyus” yig`ilishi ayni vaqtida o`tkazilayotganini ta`kidladi.

- Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham ko`proq ehtiyoj sezmoqda, - dedi Prezidentimiz.

Bugungi global jarayonlarga baho berar ekan, davlatimiz rahbari siyosiy va iqtisodiy “parchalanishlar”, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining emirilishiga olib kelayotganini qayd etdi.

- Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va etkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo`lmoqda. Mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovasiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida to`sqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda, - dedi Prezident.

Ta`kidlanganidek, "ushbu muammolarni hal qilishning yagona yo`li – umumiy xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlik uchun sa`y-harakatlarimizni birlashtirishdir".

O`zbekiston rahbari ShHT har doim xalqaro huquqning umume`tirof etilgan tamoyillari va BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roliga tayanadigan ko`p tomonlamalik asosidagi adolatli dunyo tartiboti tarafdori bo`lib kelgani va shunday bo`lib qolayotganini ta`kidladi.

Shu bilan birga, yuzaga kelgan voqelik Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati samarasini oshirishda yangi strategik yondashuvlarni talab etmoqda.

- Tashkilotimizning ulkan salohiyati hamda jahon siyosati va iqtisodiyotidagi ortib borayotgan roliga mos keladigan yangi maqsad va vazifalarni ishlab chiqish vaqti keldi, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari ShHT ta`sis etilgan davrdan buyon zamonaviy tahdidlarning tabiati va miqyosi sezilarli darajada o`zgargani sababli xavfsizlikni ta`minlash masalalarida uning faoliyatining konseptual asoslariga yangi nigoh bilan qarashni taklif qildi.

ShHT salohiyatini mustahkamlashda, jumladan, Xavfsizlikka xatar va tahdidlarga qarshi kurash bo`yicha universal markazni tashkil etishda ushbu omillarni hisobga olish zarurligi ko`rsatib o`tildi.

O`zbekiston Prezidenti vakolatli organlar rahbarlari va ekspertlar ishtirokida har yili “Xavfsizlik masalalari bo`yicha ShHT plyus muloqoti”ni o`tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Prezidentimiz ShHT makonida savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil “qayta ishga tushirish”, ko`p tomonlama savdo va tarmoqlararo sheriklikning mustahkam asoslarini yaratish muhimligini ta`kidladi.

Sammit davomida tomonlar savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va elektron savdoni rivojlantirish, texnologik kooperasiyani, shu jumladan kelajak sanoati tarmoqlarini rag`batlantirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar ko`rishga kelishib olgani ta`kidlandi.

Biznes muloqoti uchun samarali platformani shakllantirish maqsadida O`zbekiston etakchisi barcha sheriklarni jalb qilgan holda har yili "ShHT EKSPO" xalqaro sanoat ko`rgazmasini o`tkazishni taklif etdi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Ko`rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi, EOII, ASEAN va boshqalar bilan iqtisodiy hamkorlikni faol ilgari surish va qo`shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini izlash muhimligi qayd etildi.

Bugungi geosiyosiy vaziyatda hududlararo o`zaro bog`liqlikni kuchaytirish uchun inklyuziv va integrasiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etayotgani ta`kidlandi.

O`zbekiston Prezidenti ta`kidlaganidek, ekologik muammolar kuchayib borayotgan bir sharoitda iqlim sohasidagi hamkorlik ShHT yangi kun tartibining eng muhim qismiga aylanishi kerak. Shu munosabat bilan "yashil" taraqqiyot sohasidagi umumiy maqsad va vazifalarga erishish bo`yicha aniq chora-tadbirlarni o`z ichiga olgan Iqlim o`zgarishiga qarshi kurashishda hamkorlik to`g`risidagi bitimni ishlab chiqish taklifini qo`llab-quvvatladi.

Bundan tashqari, Toshkentda ekologik barqarorlik va "yashil" o`sish sohasida tadqiqotlar olib boradigan ShHTning Iqlim muammolari bo`yicha innovasion echimlar markazini tashkil etish taklif qilindi.

Aholining hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy himoya masalalari tashkilot kun tartibida markaziy o`rinni egallashi lozim, dedi davlatimiz rahbari. Shu ma`noda, kelgusi yili Samarqand shahrida Kelajak sammiti maqsadlariga erishishga munosib hissa qo`shish uchun BMT shafeligida barqaror ijtimoiy himoya masalalari bo`yicha global konferensiyani o`tkazish rejalashtirilgani ma`lum qilindi.

Mamlakatimiz etakchisi sivilizasiyalararo muloqotning noyob modelini ilgari surish va birgalikda mustahkamlashga chaqirdi. Qayd etilganidek, "xalqlarimizning boy madaniy-tarixiy va ma`naviy merosi, an`analari, urf-odatlari va turmush tarzi – bu o`zaro ishonch ko`prigini, yaxshi qo`shnichilik va yaqin do`stlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan qudratli va hayotbaxsh kuchdir".

Yaqinda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining "Xalqaro sivilizasiyalar o`rtasida muloqot kuni" rezolyusiyasida aynan shu yo`nalish aks etganligi ta`kidlandi.

Shu munosabat bilan O`zbekiston tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo`lida hamjihatlik bo`yicha Samarqand tashabbusining dolzarbligi yana bir bor qayd etildi.  Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi barqaror rivojlanish yo`lidagi ziddiyatlarni engib o`tishda sivilizasiyalar o`rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Madaniyat, ta`lim, yoshlar va sayyohlik almashuvlar sohasidagi dasturlarni amalga oshirishga ham e`tibor qaratildi. Xususan, ushbu yo`nalishlardagi loyihalarni tizimlashtirish va birgalikda amalga oshirish imkonini beradigan ShHT gumanitar tashabbus va dasturlari yagona bankini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari so`zining yakunida "ShHT plyus" formatidagi ushbu uchrashuv yakunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi ko`p qirrali sheriklik rivojiga kuchli turtki berishiga ishonch bildirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1