G`azo sektorida deyarli 8 oydan beri davom etayotgan Isroil harbiy amaliyotlarining oxiri ko`rinmayapti. Hatto Isroil elitasi ham “tunnel oxirida yorug`lik” ko`rmayapti. Hatto Isroil Milliy xavfsizlik kengashi boshlig`i Saxi Hanegbi HAMASni mafkura sifatida yo`q qilib bo`lmasligini tan oldi.
SAXAL gumonlar ichida qolgan
HAMASni engish mumkinligiga shubha bildirayotganlar orasida SAXALning sobiq generali Isxak Brik ham bor. U 15 may kuni Isroil armiyasi HAMASni enga olmaydi, deya fikr bildirdi. Uning aytishicha, G`azo sektoridagi harbiy harakatlar samara bermaydi, bu harakatlar davom etsa, armiyaning og`ir talafotlariga, iqtisodiy inqiroz, xalqaro munosabatlarning battar yomonlashuvi va Isroil ichida ijtimoiy bo`linishga olib kelishi mumkin.
Eng tushkun bayonot
Eng tushkun bayonot esa SAXAL matbuot kotibi Daniel Hagarining tilidan yangradi. "HAMAS - bu mafkura, uni qurolli yo`l bilan yo`q qilib bo`lmaydi”, degan Hagari.
Maqsadga nega erishilmadi?
Darhaqiqat, Isroilning askarlarining G`azo sektoridagi harbiy harakatlari juda cho`zilib ketdi. Asosiy maqsadga esa erishilmadi: HAMAS yo`q qilinmadi, u garovga olgan isroilliklar tutqinlikdan ozod etilmadi.
Xo`sh, nega harbiylari va maxsus xizmatlari dunyoda oldingi o`rinlarda deb hisoblanuvchi Isroil hamon HAMASni enga olmayapti? Hatto AQSh va Evropaning yordami ham vaziyatga u qadar ta`sir qilmadi. Buning bir necha sabablari bor.
Isroil axborot urushida engildi
Shu paytgacha yahudiy askarlarining Falastindagi harbiy amaliyotlarini faqat G`arb mediasi yoritgan. Tabiiyki, ular xolislikka amal qilishmagan. Isroil tomonidan mazlum, beozor, madaniyatli deya tasvirlangan. Falastinliklar esa buzg`unchilikdan boshqasiga yaramaydigan, faqat Isroilga zarar etkazish orzusi bilan yashovchi yovvoyilar qilib ko`rsatilgan. Va shunga insoniyatni ishontirishga muvaffaq ham bo`lishdi.
Biroq internet va ijtimoiy tarmoqlarning ta`siri kuchaygan hozirgi davrda xalqaro ijtimoiy fikr falastinliklar tarafga o`tmoqda. Isroilning G`azo sektoridagi qotilliklari va genosidi odamlar nafratiga sabab bo`lmoqda.
Diplomatik “urush”dagi mag`lubiyat
Falastin mojarosi masalasida hozirgacha “olomon effekti” hukmron edi. "Dunyoning qudratli va madaniyatli davlatlari Isroilni qo`llayapti, demak biz ham shunday yo`l tutishimiz" kerak, degan fikr hukmron edi. Biroq yahudiy askarlarining falastinliklarga qarshi vahshiy va noinsoniy munosabatlari hatto G`arb davlatlarini ham Falastinga xayrixoh kuchlar safiga ko`chirmoqda. Buning oqibati o`laroq, 2024 yilning ayni davrigacha 9 ta davlat Falastinni tan oldi va bunday davlatlar soni 147 ga etdi. Ko`pchilik davlatlarda Isroil xunrezliklariga qarshi norozilik namoyishlari o`tkazilmoqda.
Ayniqsa Isroilning BMT va Xalqaro jinoyat sudini ham nazar-pisand qilmayotgani, hatto prokurorlarni jismonan yo`q qilish bilan tahdid solayotgani ham Isroil bilan diplomatik aloqalar taqdiriga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
HAMASning ildizi - Falastin xalqi
HAMASni askariy zaxira bilan oziqlantiruvchi tomiri - butun falastin xalqi hisoblanadi. Qachonki bu xalq butunlay qirib yuborilsa yoki majburan xorijga surgun qilinsagina HAMAS mag`lub bo`lishi mumkin.
Isroil hukumatining G`azo sektorini butunlay egallab olish rejalari ham yashirilmayapti. Mahalliy va kelgindi yahudiylar hozirdanoq “o`lmagan ayiqning terisini” bo`lib olishmoqda: G`azo sektoridagi erlarni kim oshdi savdosida sotishyapti. Chunki chiroyli dengiz sohillari kurortlar yaratish, turizmni rivojlantirish uchun qulay ko`chmas mulk, deya baholanyapti. Bu erda falastinliklar borligi esa inobatga olinmayapti. Ular bilan hisoblashish shart emas, ularning ham, jahon xalqlarining ham qo`llaridan hech narsa kelmaydi, baribir, degan ishonch hukmron.
HAMAS tarafdorlari ko`paymoqda
Eron, Suriya, Yaman husiylari, “Hizbulloh” va hatto Rossiya va Livan ham HAMASga yashirin yoki oshkora harbiy-moliyaviy yordam berayotgan yoki yordam berishga tayyor tuzilmalarning ayrimlari xolos. Garchi AQSh Isroilni tish-tirnog`igacha qurollantirib, milliardlab dollar ajratayotgan bo`lsa-da, HAMASga qarshi urush kutilgan samara bermayapti. To`g`ri, Isroil armiyasi deyarli butun G`azo aholisini Rafahga siqib chiqarib, (asosan Misr bilan) chegaradagi nazorat-o`tish punktlarini ihotalab, hududni butun dunyodan uzib qo`ydi. Biroq jahon hamjamiyati bu qonunsizliklarga ortiq jim qarab tura olmaydi. Hatto AQShda ham oddiy amerikaliklar o`z soliqlari hisobidan Isroil xunrezliklari moliyalashtirilishini istamayapti.
Livanga urush ochilish ehtimoli
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu G`azo sektorini “qoyil” qilgach, endi “Hizbulloh”ni yo`q qilishga bel bog`lagan.
Qayd etish kerak, “Hizbulloh” panoh topgan Livan davlati bilan urush ehtimoli esa so`nggi kunlarda ancha oshgan. Jumladan, ko`pchilik davlatlarning hukumatlari o`z fuqarolarini Livanga sayohat qilishdan tiyilishga chaqirgan. Jumladan, AQSh Davlat departamenti Livandagi amerikaliklarni ehtiyotkorlik choralarini ko`rishga undagan. Shuningdek, AQSh esa Isroil va Hizbulloh urushi boshlanadigan bo`lsa, o`z fuqarolarini evakuasiya qilish uchun Isroil va Livan yaqiniga qo`shinlarini yaqinroq keltirishini bildirdi. AQSh rasmiylari, tomoni hatto Isroil Hizbullohga qarshi urush boshlasa, yahudiy davlatini qo`llab quvvatlashi haqida bayonot bergan.
Isroilning Haaretz nashri xabar berishicha, Isroil G`azo sektoridagi harbiy amaliyotlarini to`xtatib, Livan bilan ehtimoliy urushga diqqat qaratishga tayyorligini ma`lum qilgan.
Demakki, Isroil Livanga hujum qilish rejasini amalga oshirsa, ikki frontda urush olib borishga qodir emasligi bois, o`z-o`zidan HAMASga qarshi faol jangovor harakatlarini to`xtatishi mumkin.
BILD nashrining xabar berishicha, Isroil armiyasi iyul oyining ikkinchi yarmida Livan janubidagi “Hizbulloh” istehkomlariga hujumni boshlashni rejalashtirgan.
Aniq staretegiya yo`q
Isroil hukumatining maqsadi aniq – o`z xavfsizligini ta`minlash va unga tahdid bo`lmish HAMASni yo`q qilish bahonasida butun Falastin erlarini egallab olish, bu erga yahudiylarni ko`chirib kelishdan iborat. Biroq bu maqsadga eltuvchi yo`l noaniq. Qolaversa, yuqorida aytilganidek, Isroil elitasi ichida ham bu masalada bo`linishlar yuz bermoqda. Bosh vazir aravani bir tarafga, armiya boshqa tarafga tortmoqda. Sabr kosasi to`lgan oddiy isroillliklar esa mutlaqo boshqa tarafga tortishni istayapti. Aniq rejaning yo`qligi esa natijani ham noaniq qiladi.
Qolaversa, urushdan chiqish, uni qanday yakunlash strategiyasi ham yo`q. Isroil hukumati buni tan olgan. Bosh vazir Netanyahu boshi berk ko`chaga kirib qolgan. Zero, urushni boshlaganlar asosan "tez g`alabaga" ishonch bilan urushga kiradi, biroq urushdan qanday chiqish haqida o`ylamaydi, odatda.
Xulosa qilib aytganda, hozir G`azodagi urushni qanday to`xtatish borasida Isroilda ham, mintaqa ishiga aralasha oluvchi, geopolitik qudratli “o`yinchilar”da ham tayinli reja yo`q. To`g`ri, takliflar va rejalar ko`p, ammo hech birining muvaffaqiyat qozonishiga ishonch hamda kafolat yo`q.
Abdulloh Sayyid