1

Vitaminlar haqida 6 afsona va haqiqat

Salomatlik 29.11.2016, 16:43
Teglar: Salomatlik
Vitaminlar haqida 6 afsona va haqiqat

Xo`sh, bolalarimizning vitaminlarga ehtiyojini qondira olayapmizmi? Bu borada biz ishongan haqiqatlarning ayrimlari shunchaki afsona ekanligini shifokorlar isbotlab berishdi.

1-afsona. Bola oziq-ovqat mahsulotlari, meva va sabzavotlardan o`ziga kerakli miqdorda vitaminlarni qabul qiladi.

Haqiqat. Oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi vitaminlar me`yorning faqat 10-30 foizini tashkil etadi. Shu sababli kundalik ovqatlanish rasionini to`g`ri tashkillashtirganimiz bilan bolaning vitaminlarga ehtiyoji to`laligicha qondirilmaydi. Bundan tashqari, bola S vitamini etishmovchiligini to`ldirish uchun limon yoki salatlarni kilolab eya olmaydi-ku! Yoki etarli darajada D vitamini qabul qilish uchun unga qoshiqlab baliq yog`i ichira olasizmi?! Qolaversa, D vitamini tanaga so`rilishi uchun ma`lum miqdorda kalsiy ham kerak. Shu bois shifokorlar yil davomida ichib turish uchun vitaminlar majmuasini tavsiya etishadi.

2-afsona. Faqat tabiiy vitaminlargina organizmga yaxshi so`riladi.

Haqiqat. Zamonaviy va sifatli polivitaminlar nafaqat tabiiy vitaminlarning o`rnini bosadi, ular organizmga yaxshiroq so`riladi ham. Chunki iste`mol qilingan egulikning hammasi ham ichakda qayta ishlanavermaydi va qonga so`rilavermaydi. Tayyor vitamin-mineral majmualari esa ancha oson parchalangani uchun organizm ularni hech qiyinchiliksiz o`zlashtiradi.

3-afsona. Vitaminlarni uzoq vaqt qabul qilib bo`lmaydi. Bu gipervitaminoz (organizmda vitaminlar miqdorining ortib ketishi)ga olib keladi.

Haqiqat. Agar miqdor to`g`ri tanlansa, gipervitaminoz yuzaga kelmaydi. Faqat yog`da eriydigan 4 ta vitamin (A, D, E va K)ning ortib ketishi haqida gapirish mumkin. Shunda ham me`yor buzilishi uchun ularning dozasi o`n, yuz barobar oshirib iste`mol qilinishi kerak. Boshqa hollarda esa ortiqcha vitaminlar peshob orqali tanadan osongina chiqarib yuboriladi.

4-afsona. Yozda organizm vitaminlar zahirasini g`amlab oladi.

Haqiqat. Bu xato fikr. Chunki faqat yog`da eriydigan 4 ta vitamin (A, D, E va K)gina ozgina muddatga zahira tarzida organizmda saqlanib tura oladi. Qolgan vitaminlar esa suvda eriydiganlar guruhiga mansub bo`lib, organizmdan tezgina yuvilib tushib ketadi. Shuning uchun kattalar ham, bolalar ham hamisha vitaminlar zahirasini to`ldirib turishga muhtoj.

5-afsona. Bolaga vitaminlarni u kasal bo`lganda berish kerak. Bu bemorning tuzalishini tezlashtiradi.

Haqiqat. Ayrim shifokorlar haqiqatan ham dorilarni vitaminlar bilan birga yozib berishadi. Ammo tajribali pediatrlarning takidlashicha, virus va infeksiyalarni vitamin bilan «boqish» kerak emas. Polivitamin majmualari dori vositasi emas. Ularni kasalliklarning oldini olish, organizmning himoya kuchlarini mustahkamlash uchun qabul qilish kerak. Shu bois vitaminoterapiyani bemor sog`ayganidan keyin organizmning tezroq tiklanib, o`ziga kelishini ta`minlash uchun o`tkazgan ma`qul.

6-afsona. Sun`iy vitaminlar allergiyani yuzaga keltirishi mumkin.

Haqiqat. Agar polivitamin majmualarining qo`llash yo`riqnomalarini diqqat bilan o`qib chiqib, ularga aniq amal qilinsa, odatda allergik reaksiyalar bo`lmaydi. Allergiya yuzaga kelganda esa vitaminlar bilan birga bola nima egani yoki ichganini tahlil qilish lozim.

Mutaxassis fikri

Nigora RAHIMOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor-pediatr: — Men vitaminlarning huda-behuda qabul qilinishiga qarshiman. Chunki organizmning vitaminlarni o`zlashtira oladigan va o`zlashtira olmaydigan payti bo`ladi. Masalan, ichi ketayotgan bolaga vitamin berib bo`lmaydi. Chunki vitaminlar asosan ichakda so`riladi. Ich ketayotgan paytda esa ular shunchaki yuvilib ketadi. Shuningdek, bizning iqlim sharoitimiz ham o`ziga xos. Bizda tug`ilayotgan bolalarning 80 foizida raxit kasalligi alomatlari kuzatiladi. Shuning uchun ularga umrining dastlabki yilida uzoq vaqt D vitaminini profilaktik dozalarda berish tavsiya etiladi. Yoz oylarida esa bizda kunlarimiz quyoshli. U terimizga ta`sir ko`rsatib, oziq-ovqat tarkibidagi vitaminlarning so`rilishini osonlashtirgani uchun organizmimizning vitaminga ehtiyoji kamayadi. Shu sababli yozda vitaminlarni profilaktika maqsadida qabul qilish tavsiya etilmaydi. Faqat davo uchun qabul qilish mumkin.

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

 

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1