Joriy yil yanvar–iyun oylarida Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 5 million 92 ming soʻmga yetgan. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu koʻrsatkich 2023 yilning mos davrida 4 million 337 ming soʻm boʻlgan.
Ma'lum qilinishicha, yarim yil mobaynida hududlar boʻyicha oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori koʻrsatkichlari Toshkent shahrida (8,4 million soʻm), Navoiy (6,6 million soʻm), Toshkent (4,9 million soʻm), Andijon (4,4 million soʻm) viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida (4,2 million soʻm) kuzatildi.
Olti oy davomida hududlar boʻyicha oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori oʻsish suratlari Toshkent shahrida (20,2 foiz), Samarqand (18,2 foiz), Andijon (17,6 foiz), Fargʻona (16,8 foiz) hamda Navoiy (16,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Oʻrtacha oylik ish haqlari iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha quyidagicha:
• bank, sugʻurta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati — 14,4 million soʻm;
• axborot va aloqa — 12,4 million soʻm;
• tashish va saqlash — 7,7 million soʻm;
• sanoat — 6,2 million soʻm;
• savdo — 5,9 million soʻm;
• qurilish — 5,4 million soʻm;
• yashash va ovqatlanish xizmatlari — 4,6 million soʻm;
• ta'lim — 3,5 million soʻm;
• sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish — 3,3 million soʻm.