AsosiyJamiyat

Qirg‘izistonga o‘tuvchi vodiydagi yana bir chegara bojxona posti ochildi

'Qirg‘izistonga o‘tuvchi vodiydagi yana bir chegara bojxona posti ochildi'ning rasmi

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Bo‘ston mahallasidagi “Uchqurg‘on” chegara bojxona postining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Bojxona postining o‘tkazkuvchanlik salohiyati yuqori, ya’ni bir kunda o‘rtacha 10 ming nafar fuqaro bemalol harakatlanishi mumkin.  Post orqali 500 tadan ortiq yukli hamda 300 dan ortiq yengil avtotransport vositalari harakatlanishi kutilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasining “Uchqo‘rg‘on-avtoyo‘l” va Qirg‘iziston Respublikasining “Kensay-avtoyo‘l" nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyatining qaytadan yo‘lga qo‘yilishi nafaqat Namangan va qo‘shni davlatning Jalolobod viloyatlari aholisi farovonligini oshirishga hissa qo‘shishi, balki butun Farg‘ona vodiysida tashqi savdo yuklari harakatida yangi davrni boshlab beradi. 

Faqatgina shu emas, mazkur yangilik nafaqat O‘zbekiston balki mintaqada turizm imkoniyatlarini kengaytiradi. Chunki, aynan ushbu post mamlakatimizga tashrif buyurgan turistlarning Qirg‘iziston hamda Xitoyga o‘tib qaytishlari va tranzit o‘tishlari uchun eng qisqa va qulay hisoblanadi.

“Uchqo‘rg‘on” chegara-bojxona posti geografik jihatdan bevosita Qirg‘iziston Respublikasining “O‘sh-Bishkek” dovon avto yo‘liga yaqin hisoblanadi. 

Xorijiy va milliy tashuvchilar eng qisqa va qulay  yo‘nalish orqali vodiy viloyatlaridan qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarining nafaqat chegaradosh, balki xorijiy davlatlarga eksporti yanada tezlashadi.  

Shuningdek, Tojikiston Respublikasi Xo‘jand viloyatidan Rossiya, Xitoy hamda Qirg‘iziston davlatlariga olib o‘tiladigan tranzit yuklar ham “Uchqo‘rg‘on” chegara posti orqali harakatlanishi natijasida Andijon viloyati “Do‘stlik” chegara postidagi transport oqimi 30-40 foizga kamayishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar