Poyezd 5 may kuni ertalab «Toshkent-Markaziy» (Shimoliy) vokzalida o‘tkazilgan tantanali marosimdan so‘ng ilk reysga chiqdi. Unda «O‘TY» raisi birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Von Do-Yon hamda ishlab chiqaruvchi — Hyundai Rotem delegatsiyasi ishtirok etdi.
Yangi poyezd soatiga 250 km tezlikkacha yeta oladi va Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan 1022 km masofani 7,5 soatda bosib o‘tadi. Bu mavjud tezyurar poyezdlarga nisbatan deyarli ikki barobar tez.
Yetti vagondan iborat, uzunligi 175 metr bo‘lgan poyezd 389 yo‘lovchiga mo‘ljallangan. U O‘zbekiston iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirilgan bo‘lib, -40 dan +50 darajagacha bo‘lgan haroratda harakatlana oladi. Shuningdek, qum bo‘ronlaridan himoya tizimi ham mavjud.
Poyezddagi o‘rindiqlar yo‘nalishga qarab aylantirilishi mumkin. Vagonlar videokuzatuv kameralari va harakat tezligi hamda yo‘l xaritasini ko‘rsatuvchi maxsus ekranlar bilan jihozlangan.
Poyezd haftasiga uch marta qatnaydi va Samarqand, Buxoro hamda Urganch shaharlarida to‘xtaydi.
Qatnov jadvali:
— Toshkentdan jo‘nash: 07:00, Xivaga yetib kelish: 14:31 (seshanba, payshanba, shanba)
— Xivadan jo‘nash: 07:20, Toshkentga yetib kelish: 14:51 (chorshanba, juma, yakshanba)
Eslatib o‘tamiz, mart oyi o‘rtalarida prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqanddan Norpoy tumaniga aynan shu yangi poyezdda borgan edi.






