Transport insonlar og‘rini yengil qiluvchi zarur vositalardan biridir. Jumladan, bir manzildan boshqa bir manzilga oson va xavfsiz yetib borishimizni kafolatlovchi jamoat transportlariga, xususan, metroga kun sayin talab ortib bormoqda.
Qayd etish lozim, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda metropoliten tizimini rivojlantirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, dastlabki 40 yil mobaynida metro bekatlari soni 29 tani tashkil etib, umumiy uzunligi 38 km bo‘lgan. So‘nggi 6 yil davomida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari tufayli esa umumiy uzunligi 33 kmni tashkil etuvchi 21 ta yangi bekatlar qurib, foydalanishga topshirildi. Buning natijasida metropoliten yo‘nalishlarining umumiy uzunligi 71 km, bekatlari soni esa 50 ta bo‘ldi.
Yo‘nalishlar va bekatlar soni ortib borgani sari metroga bo‘lgan talab ham yanada ortdi. 2021-yil bir kunda 280-300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatgich 920-930 mingni tashkil qilmoqda. 2024 yil yakunigacha metrodan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni bir kunda 1 mlnga yetishi kutilmoqda.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, tig‘iz vaqtlarda bekatlar, poyezdlar gavjum. Ushbu holatda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, ularga xavfsiz va madaniyatli xizmat ko‘rsatish, shuningdek, tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ushbu yil davomida 14 ta harakat tarkibi harid qilingan bo‘lib buning natijasida tig‘iz vaqtlarda oraliq intervallari quyidagi tartibda amalga oshirilmoqda:
“Chilonzor” yo‘nalishida 1,5-2 daqiqa;
“O‘zbekiston” yo‘nalishida 4 daqiqa;
“Yunusobod” yo‘nalishid- 4-5 daqiqa;
“O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishida esa 8-9 daqiqa.
Shuningdek, bunga qo‘shimcha tarzda yo‘nalishlarda zahira poyezdlar harakati ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
Darhaqiqat, Toshkent metropolitenida 2021-yilga qadar 36 ta poyezd harakatlangan bo‘lsa, so‘nggi 3 yil davomida zamonaviy turdagi 29 ta yangi harakat tarkiblari harid qilinib, 2024-yilga kelib poyezdlarning umumiy soni 65 taga yetkazildi.
Joriy yil yakunidan boshlab 48 ta va 2025-yil davomida yana qo‘shimcha 56 dona zamonaviy metro vagonlarini harid qilish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblarining yangilanishiga hamda yo‘nalishlarda poyezdlar oraliq intervalining qisqarishiga erishiladi.
Mohidil Yuldasheva
“Toshkent metropoliteni” DUK
Matbuot xizmati muxbiri