Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda o‘qituvchi mushukka shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lganligi aks etgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar MMTB Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 17:30 atrofida Uchtepa tumanidagi 62-sonli umumta’lim maktabining 7-"G" sinf o‘quvchilari ona tili darsiga o‘zboshimchalik bilan mushuk olib kirgan. Oqibatda o‘qituvchi D. X. o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlari paytida chalg‘imasliklari uchun mushukni derazadan tashlab yuborgan.
Mushuk veterinar shifokor ko‘rigidan o‘tkazilganda jiddiy jarohat yetmaganligi aniqlandi.
Biroq "Ekolog" JB zoovolontyorlari o‘qituvchini javobgarlikka tortish uchun sudga berishgan. Uchtepa tuman sudi o‘qituvchiga nisbatan MJtKning 111-moddasiga ko‘ra, 375 ming so‘m miqdorda jarimaga tortgan.
Shunga qaramasdan, "Ekolog" jamoasi bu juda kam jarima ekanligini bildirgan. Qayd etilishicha, tashlab yuborilgan mushukcha jiddiy jarohatlanishi, umurtqasining shikast etishi natijasida vafot etgan.
"O‘qituvchi D.X. nafaqat bitta jonivorning o‘limiga sabab bo‘ldi, eng yomoni bolalarning ruhiyatiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Fikrimizcha, u pedagoglik faoliyat olib borishga loyiq emas",- deyiladi xabarda.