Qozog`istonning Ust-Kamenogorsk aholisi shimol yog`dusini ko`rishga muvaffaq bo`ldi, deb xabar berdi “Tengrinews.kz” nashri.
Viloyat markazida yuzlab odamlar bu iqlim hududi uchun begona bo`lgan shimol yog`dusini tomosha qilish baxtiga muyassar bo`ldi. Shaharliklar yashil yog`duni ko`rib, biror sanoat korxonasida portlash yuz bergan yoki bu o`zga sayyoraliklarning ishi degan xayolga bordi.
Yashil yog`du yakshanba kuni tungi oqshomda namoyon bo`ldi.
Uni shaharning aksariyat aholisi ko`rgan. Ular internet-forumda bu kimyoviy vositalarning atmosferaga ta`siri, biror zavoddagi portlash oqibati bo`lsa kerak, deb fikr bildirgan bo`lsa, ba`zilari uni o`zga sayyoraliklar bilan bog`ladi. Ko`pchilik esa uni shimol yog`dusi, deb tan oldi.
“Bu xato fikr, shimol yog`dusini faqatgina shimoliy qutbda ko`rish mumkin, – deb voqeaga izoh berdi geofizik Pavel Sosnov. – Atmosfera yuqori qatlamining shu`lalanishi quyosh nurlarining zaryadlangan zarrachalari bilan o`zaro ta`siridan kelib chiqadi”.
Shahar aholisining aksariyat qismi sirli yog`du uylarda chiroqning o`chishi va qisqa muddatli elektr uzilishlari bilan davom etganligini ma`lum qildi. Bu voqeaga esa mutaxassislar izoh bera olmadi.





