Buyuk Davlat va siyosat arbobi, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo`yicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish to`g`risida Prezident Qarori imzolandi.
Mustaqil O`zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o`zbek xalqining ulug` va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov Vatanimizni uzoq yillar davom etgan mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yo`lboshchimiz g`oyat og`ir va tahlikali vaziyatda turli qiyinchilik va mashaqqatlarga qaramasdan, tarixan qisqa davr mobaynida O`zbekistonni jadal va barqaror sur`atlar bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.
O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti o`zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko`p asrlik tarixida o`chmas va yorqin iz qoldirdi. U nafaqat O`zbekiston, balki butun jahon miqyosida katta hurmat va obro`-e`tiborga sazovor bo`lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanildi.
Xalqimizning samimiy istaklari va xohish-irodasidan kelib chiqqan holda, ona Vatanimiz taraqqiyoti, el-yurtimiz manfaati yo`lidagi unutilmas buyuk tarixiy xizmatlarini inobatga olib, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, O`zbekiston Qahramoni Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida:
1. O`zbekiston Badiiy akademiyasi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, O`zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi va keng jamoatchilikning O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo`yicha Xalqaro ijodiy tanlovni (keyingi o`rinlarda Xalqaro tanlov deb ataladi) tashkil etish to`g`risidagi taklifi ma`qullansin.
2. O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo`yicha Xalqaro ijodiy tanlovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tashkiliy qo`mita (keyingi o`rinlarda tashkiliy qo`mita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo`mita (A.Aripov) o`n besh kun muddatda Xalqaro tanlovning tadbirlar rejasi, xarajatlar smetasi, nizomi, reglamenti va dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilab qo`yilsinki, tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Xalqaro tanlovga tayyorgarlik ko`rish va uni tashkil etish bilan bog`liq xarajatlar O`zbekiston Badiiy akademiyasining 2016-2017 yillar uchun xarajatlar smetasida nazarda tutilgan byudjet mablag`lari hisobidan qoplanadi.
4. O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O`zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi va xorijiy davlatlarning O`zbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari orqali O`zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan taqdim qilingan Xalqaro tanlov hamda unda ishtirok etish tartibi to`g`risidagi ma`lumotlarning tegishli xorijiy ijodiy tashkilotlarga yigirma kun muddatda etkazilishini ta`minlasin.
5. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Tashkiliy qo`mita buyurtmanomalariga binoan Xalqaro tanlov o`tkazilishi jarayonida tarjimonlar ishtirokini ta`minlasin.
6. O`zbekiston Badiiy akademiyasining buyurtmanomalariga binoan Xalqaro tanlov doirasida xorijiy davlatlardan keltiriladigan yuklar bojxona to`lovlaridan ozod qilinsin.
7. O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro tanlovning xorijiy qatnashchilariga kirish vizalarining konsullik va boshqa yig`imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta`minlasin.
8. “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi Xalqaro tanlovning xorijiy qatnashchilarini va unga aloqador yuklarni to`lovlarning barcha turlaridan ozod qilsin.
9. O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalqaro tanlovning g`oliblarini taqdirlash bilan bog`liq tadbir o`tkaziladigan joylarda jamoat tartibini hamda uning qatnashchilari va mehmonlariga xizmat ko`rsatuvchi avtotransport vositalari harakati xavfsizligini ta`minlasin.
10. O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Xalqaro tanlov jarayonlarini keng yoritish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A.Aripov zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi
Prezidenti vazifasini bajaruvchi
Sh.MIRZIYoEV





