AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Prezident etib saylangani munosabati bilan xorijiy davlat rahbarlaridan qutlovlar kelmoqda

Mamlakatimizda 2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tgan saylovda Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy mamlakatlarning taniqli jamoat arboblaridan samimiy tilaklar bildirilgan qutlovlar kelmoqda. 

O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti 

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga 

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari! 

Xitoy Hukumati va xalqi, shuningdek, shaxsan o`z nomimdan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan samimiy tabriklayman. Siz O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshlab bergan yo`lni davom ettirishingiz va rivojlantirishingiz, davlat qurilishi sohasida yangi muvaffaqiyatlarga erishishingizga ishonaman. 

Xitoy bilan O`zbekiston samimiy va bir-biriga ishonadigan yaqin qo`shni, qalin do`st va ishonchli sheriklardir. Siyosiy ishonch, o`zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik aloqalari mamlakatlarimiz o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilgan kundan boshlab muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Joriy yilda ikki tomonlama munosabatlarning har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko`tarilgani Xitoy va O`zbekiston o`rtasidagi serqirra hamkorlikni mustahkamlash uchun yanada keng imkoniyatlar ochib berdi. 

Men Xitoy – O`zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida e`tibor qarataman, Siz bilan yaqin hamkorlikda Xitoy va O`zbekiston o`rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz kelajagi uchun yangi yo`llar ochish borasida birgalikda sa`y-harakatlar qilishga tayyorman. 

Sizga davlat rahbari sifatidagi mas`uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar va mustahkam sog`lik tilayman. 

O`zbekistonga ravnaq, kuch-qudrat, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman. 

Si Szinpin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

 

O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti 

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga 

Muhtaram Shavkat Miromonovich! 

Sizni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. 

Turkmaniston va O`zbekiston Respublikasi o`rtasida o`zaro hurmat, ishonch va bir-birini tushunishga asoslangan yuksak darajadagi qardoshlik munosabatlari mamlakatlarimizning xalqlarimiz farovonligi yo`lidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar va boshqa yo`nalishlarda o`rnatilgan samarali hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilayotganini to`liq tasdiqlaydi. 

Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog`lik, kuch-quvvat, qardosh O`zbekiston xalqining tinchligi, farovonligi va taraqqiyoti uchun oliy davlat lavozimida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. 

Ehtirom ila, 

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti


O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti 

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga 

Muhtaram Shavkat Miromonovich! 

Qozog`iston xalqi va shaxsan o`z nomimdan Sizni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g`alaba qozonganingiz bilan samimiy tabriklayman. 

Ishonchim komilki, bo`lib o`tgan saylov natijalari O`zbekiston xalqining fuqarolar farovonligini va xalqaro maydonda mamlakat nufuzini yanada oshirish borasida Siz amalga oshirayotgan ishlarga ishonishi va qo`llab-quvvatlashidan dalolat beradi. Sizning Prezident etib saylanishingiz bilan qardosh O`zbekistonda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan keng ko`lamli o`zgarishlar davom ettirilishiga aminman. 

Qozog`iston mintaqa davlatlari bilan do`stona munosabatlarni davom ettirish va jahon hamjamiyati bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash bo`yicha Siz amalga oshirayotgan ishlarni yuksak baholaydi. 

Joriy yilning sentyabr oyida Samarqanddagi uchrashuvimizni mamnuniyat bilan eslayman. Birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz Qozog`iston bilan O`zbekistonning strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi hamkorlikni o`zaro manfaatli asosda chuqurlashtirish va kengaytirishga yangi turtki berishiga ishonaman. 

Ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorligimiz katta salohiyatga ega. Biz siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda keng ko`lamli munosabatlar bo`yicha amaliy muloqotga tayyormiz. Mamlakatlarimiz delegasiyalarining sentyabrdagi uchrashuvdan keyin o`tgan qisqa vaqt ichidagi o`zaro tashriflari ham buni yaqqol tasdiqlaydi. 

Yangi tahdid va xavflarga qarshi kurashda sa`y-harakatlarni birlashtirish maqsadida Qozog`iston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda samarali hamkorlik asosi sifatida mamlakatlarimiz o`rtasidagi ittifoqchilik va yaqin qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlash tarafdori. 

Fursatdan foydalanib, muloqotimizni Ostonada davom ettirish va Sizga qulay bo`lgan vaqtda Qozog`istonga davlat tashrifi bilan kelishni taklif etaman. 

Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog`lik, baxt-saodat va davlat rahbari sifatidagi mas`uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O`zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tilayman. 

Hurmat bilan, 

Nursulton Nazarboev,

Qozog`iston Respublikasi Prezidenti

 

O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti 

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga 

Muhtaram Shavkat Miromonovich! 

Sizga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g`alabangiz bilan samimiy tabriklarim va ezgu tilaklarimni yo`llashdan mamnunman. 

Sizning ushbu yuksak va ayni paytda mas`uliyatli lavozimga saylanganingiz O`zbekiston xalqi Sizning yurt farovonligini muttasil oshirish, jamiyatda tinchlik, barqarorlik va totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan sa`y-harakatlaringizni keng qo`llab-quvvatlaganidan dalolat beradi. 

Tojikistonda Sizni xalqlarimiz o`rtasida do`stlik, yaqin qo`shnichilik va har tomonlama hamkorlik munosabatlarini izchil rivojlantirish tarafdori sifatida yaxshi biladi va hurmat qiladi.

Tojikiston va O`zbekiston o`rtasidagi o`zaro samarali hamkorlik Sharqning buyuk mutafakkirlari Jomiy va Navoiy zamonidan davom etib kelayotgan ko`p asrlik yaqin qo`shnichilik, do`stlik va o`zaro hurmat rishtalari bilan bog`langan xalqlarimizning tub manfaatlariga javob berishiga ishonaman.

Xalqlarimizning asrlar davomida qaror topgan o`zaro munosabatlarini saqlash va yanada rivojlantirish zimmamizga katta mas`uliyat yuklaydi va biz Siz bilan birgalikda bu borada barcha zarur sa`y-harakatlarni ishga solishga tayyormiz. 

Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog`lik, baxt-saodat, O`zbekiston farovonligi yo`lida davlat rahbari sifatidagi mas`uliyatli faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyatlar, O`zbekiston xalqiga tinchlik va barqaror taraqqiyot tilayman. 

Hurmat bilan, 

Imomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti


O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti 

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga 

Janob Prezident, qadrli qardoshim! 

O`zbekistonda 2016 yil 4 dekabrda o`tkazilgan Prezident saylovi natijasida Prezidentlik lavozimiga saylanganingiz munosabati bilan xalqim va shaxsan o`z nomimdan chin ko`ngildan muborakbod etaman. 

Do`st va qardosh o`zbek xalqining irodasi namoyon bo`lgan ushbu saylovning xotirjam va ishonchli muhitda o`tganidan bag`oyat mamnun bo`lganimni bildirmoqchiman. 

Ikki tomonlama aloqalarimizni rivojlantirish borasida biz tashlaydigan mushtarak odimlar orqali hamkorligimizni qardosh xalqlarimizning manfaatiga xizmat qiladigan yanada yuqori bosqichga ko`tarilishiga ishonchim komil. 2016 yil 18 noyabr kuni Samarqandga tashrifim xalqlarimiz o`rtasida moziydan bugungacha etib kelgan rishtalardan kuch oluvchi hamda o`zaro hurmat va umumiy manfaatlar asosida rivojlanayotgan aloqalarimizni jonlashtirishi aniq. Fursatdan foydalanib, Samarqand shahrida menga va delegasiyamizga ko`rsatilgan e`tibor va mehmondo`stlik uchun tashakkur aytmoqchiman. 

Qardoshlik munosabatlarimizda yangi sahifa bo`lishi uchun Siz Janobi Oliylarini rasmiy tashrif bilan davlatimizga mehmonga kelishingizdan va men go`zal yurtingizga yana bir bor tashrif buyurishdan bag`oyat baxtiyor bo`lishimni izhor etaman. 

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va muvaffaqiyat, qardosh o`zbek xalqiga tinchlik, farovonlik va omonlik tilab qolaman. 

Rejep Tayyip Erdo`g`on,

Turkiya Prezidenti

 

O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti 

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga 

Siz Janobi Oliylarini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz munosabati bilan samimiy muborakbod etaman. 

Sizning saylanganingiz, Eron Islom Respublikasi va O`zbekiston Respublikasi hukumati a`zolarining ikki tomonlama aloqalar kun tartibidagi maqsadlar va vazifalarni hayotga tatbiq etish yo`lidagi sa`y-harakatlari samara berishi uchun yaxshi fursat yaratadi, deya ishonaman. 

Siz Prezident lavozimida faoliyat ko`rsatadigan yangi davrda birgalikdagi harakatlarimiz sharofati bilan ikki tomonlama munosabatlar xalqlarimiz o`zaro manfaatdorligi asosida oldingidan ko`ra ko`proq, kun sayin rivojlanishi hamda mintaqaviy va xalqaro tinchlik, xavfsizlik mustahkamlanishining shohidi bo`lamiz, deb umid qilaman. 

Xudovandi karimdan Siz Janobi Oliylariga sog`lik-salomatlik va muvaffaqiyatlar, O`zbekiston hukumati, birodar va do`st xalqiga tinchlik va farovon hayot tilab qolaman. 

Hasan Ruhoniy,

Eron Islom Respublikasi Prezidenti

 

O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti 

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga 

Siz Janobi Oliylarining do`st va birodar O`zbekiston Respublikasining Prezidenti etib saylanganingiz munosabati bilan Afg`oniston xalqi va shaxsan o`z nomimdan samimiy tabriklarimni yo`llashdan bag`oyat mamnunman. 

Sizning ushbu mas`uliyatli lavozimga saylanganingiz birodar O`zbekiston xalqining Siz Janobi Oliylariga va Sizning mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan dasturingizga ishonchidan dalolat beradi. 

Hurmatli Prezident Janoblari! 

Mushtarak madaniy va diniy qadriyatlarga ega bo`lgan Afg`oniston va O`zbekiston xalqlari mavjud umumiy tahdidlarga qaramasdan, o`zaro do`stlik va birodarlik aloqalarini saqlab, bir-birlarini himoya qilib kelmoqdalar. 

Men mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik aloqalarining hozirgi kundagi rivojidan bag`oyat xursandman va ushbu munosabatlarning to`g`ridan-to`g`ri muloqotlar orqali hamda mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida yanada mustahkamlanishi tarafdoriman. 

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylarini ushbu yuksak lavozimga saylanganingiz munosabati bilan yana bir bor tabriklab, Sizga mustahkam sog`lik va ulkan muvaffaqiyatlar, birodar O`zbekiston xalqiga Sizning rahbarligingizda farovonlik va taraqqiyotga erishishini tilab qolaman. 

Ehtirom ila, 

Muhammad Ashraf G`ani,

Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti

 

O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti 

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga 

Janobi Oliylari! 

Latviya xalqi va shaxsan o`z nomimdan Sizni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan samimiy tabriklayman. 

Latviya va O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlar do`stlik, o`zaro ishonch va hurmat asosida bundan buyon ham rivojlanishiga ishonaman. Fursatdan foydalanib, Sizning mas`uliyatli faoliyatingizga muvaffaqiyat, mamlakatingizga tinchlik, farovonlik, O`zbekiston xalqiga baxt-saodat tilayman. 

Sizga bo`lgan yuksak hurmatimni qabul qilgaysiz. 

Ehtirom bilan, 

Raymonds Veyonis,

Latviya Respublikasi Prezidenti

 

O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti 

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga 

Muhtaram Shavkat Miromonovich! 

Sizni shaxsan o`z nomimdan va Moldova Respublikasi xalqi nomidan O`zbekiston Respublikasining oliy davlat lavozimiga saylanganingiz bilan samimiy tabriklayman. 

Mamlakatlarimizni tarixiy do`stlik, sheriklik va o`zaro yordam rishtalari bog`laydi. Xalqlarimiz Ikkinchi jahon urushida birgalikda g`alaba qozongan. Moldova va O`zbekiston 1966 yil O`zbekistonda va 1977 yil Moldovada ro`y bergan zilzila oqibatlarini bartaraf etishda bir-biriga yordam bergan. Ko`pmillatli xalqimiz ushbu do`stlik yordamini hech qachon unutmaydi. 

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik va sheriklik munosabatlari bundan buyon ham davom etishiga ishonaman. 

Igor Dodon,

Moldova Respublikasining saylangan Prezidenti


Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar