«Kelin bo`lib shu hovliga kelganimga 3 yil to`libdi. Er-xotin – oramizdan qil o`tmas do`stmiz. Buni ikkimizning sevishib, qiyinchiliklarni engib turmush qurganimiz, erimning mulohazali inson ekanligidan deb bilaman. Ammo negadir bu yaqinligimiz qaynonamga yoqmaydi. O`g`lini ayirib, o`zimga isitib olgan emishman. Qo`ni-qo`shnilar, o`ziga yaqin odamlarga meni yomonlab o`tiradi. «Ha, bu kelin balo, kimga nima qilishni, qaerga borishni yaxshi biladi» deb, meni folbinga qatnaydi, degandek gap orasida qistirib o`tadi. Umrimda folbin kimu qaerda yashashini bilmayman, mantiqan o`ylab ko`rilsa, agar shu ish qo`limdan kelganida birinchi navbatda qaynonamni o`zimga isitib olgan bo`lmasmidim? Shu haqda ham mulohaza yozinglar!»
Ismini sir tutgan mushtariy
Esimni tanigunimcha «Mahallada duv-duv gap» kinofilmidagi bir epizodini tushunolmay halak bo`lardim. Nega ona bir qo`rqinchli kishining oldiga borib, qog`ozga nimanidir yozdirib, o`g`lining ovqatiga solib ichirmoqchi bo`ladi? Sehr-jodu qilmoqchimi? Unda nega otasi o`g`lining ovqatini ichib qo`yadi-yu unga balo ham urmaydi?
Nega ayrimlar fol ochish-u issiq-covuqqa ishonadi, buni amalda qo`llashga urinadi, ayrimlar esa «butunlay bo`lmagan gap» deb isbot talab qilishadi. Keling, shu haqda bilganlarimizni hikoya qilamiz.
«BAXTINI BOG`LASh...» , «OMADINI O`G`IRLASh...» YoKI O`ZIMIZNI O`ZIMIZ QANDAY ALDAYMIZ?
Odamdan odamni ayirish, yoki aksincha bir-biriga «bog`lab qo`yish», kimnidir gah desa qo`liga qo`nadigan qilish – bular aslida yaramas istaklar, gunohi kabiralardir. Insonga ayon bo`lmas sirlar borligi haqiqat, ko`z tegishi, kimningdir badbin fikrlari sizning olamingizga ta`sir etishini – bular ilmiy isbotini topmagan bo`lsa ham – mutloq inkor etishning iloji yo`q. Ko`pincha shu kabi holatlarga mutaassir kishilar aniq faktlar bilan og`zingizga urishadi, «darvozamning tagida qum sepilganini ko`rdim, axir yon-atrofimizda hech kim qurilish qilgani yo`q, o`shandan beri ishim orqaga ketyapti», deydiganlar topiladi. «Yoshim 30 ga to`ldi. Tashqi ko`rinishim, ma`lumotim, oilaviy ahvolim tuppa-tuzuk, lekin hali biror marta eshigimizni ostona hatlab sovchi kelgani yo`q, axir bunday bo`lishi mumkinmas-ku! Eng notavon qizni ham so`rab kelguvchilar bor. Demak, kimdir baxtimni bog`lab qo`ygan» deydi yana bittasi. Ularga qarshi biror gap topib berolmay o`ylanib qolasan kishi. Axir qanday qilib, odamzot Yaratganning ishlariga aralashishi, taqdirni o`zgartirishi mumkin? Buning iloji bo`lganda, har birimiz yon-atrofimizdagilarni o`z xohishimizga ko`ra, o`zgartirib yuborganimizda, shu paytgacha dunyo hozirgidan ko`ra boshqacha bo`lib ketgan bo`lmasmidi?
NEGA «ISSIQ-COVUQ» QILIShADI?
Odamlarda o`z muvaffaqiyatsizligiga boshqalarni aybdor qilish istagi ustunlik qiladi, huddi shuningdek, hech kim o`zini yomon demaydi. Bizni «yoqtirmaydigan», aniqrog`i aslida biz yoqtirmaydigan «aybdorlar»ni qo`lidan ushlab, jazolashning iloji yo`q-da, shuning uchun ulardan «o`ch olish» uchun hech kim bilmas usullardan foydalanmoqchi bo`lamiz. Qandaydir ovloq joylaru boylik uchun iymoni va vijdonidan kechgan firibgarlar oldiga yugurgilab qolamiz. Xo`sh keyin-chi? Ikki-uchta chala ma`lumot bergani uchun folbinning allaqanday g`ayrioddiy avliyo ekaniga ishonib, o`shaning og`zidan chiqqan gapga angrayib, kelinimizning ashaddiy afsungar ekaniyu qaynegachimiz o`z akasini ko`rolmasligini, qaerlardadir «amallar» ko`mib qo`yganini, ovsinimiz tugun bilan yo`llarimizni bog`lab tashlaganini tusmol qilib, alamimizni olmoqchi bo`lamiz. hamma firibgarlarning ishlash formulasi bir xil: «siz qilmasangiz, sizga qilishadi!». «Eshikdan kirib keldingiz-u, «odamlarim» bo`g`ilib ketdi, bunchayam o`qitib tashlashibdi sizni. Voy-voy-voy, shunchayam qiynaldingizmi, jonim... Sizni qaytariq qilgunimcha 40 kun chilla saqlashim kerak, ruhim ezilib ketyapti»... Bunday gaplarni asabi chatoq, laqmalar eshitsa, «ajalimga bir kun qolgan ekan, meni o`limdan qutqarib qoldingiz» deb borini nazr-niyoz qilib yuborishdan ham qaytmaydi. To`xtang, taqdiri azal Xudodan ekanligini unutishga haqqimiz bormikin? Inson ruhiyatining zaif jihatlarini yaxshi o`zlashtirgan, gapga usta, eng ichidagi toshini berkitib, go`yoki tomog`imizdan sug`urib olingan «jodu»dek tog`oraga tashlaydigan masxarabozga jaraq-jaraq pul tashlab kelib, o`zimizni himoyalagandek xotirjam tortyapmizmi? Siz «domla»ning «turnaqator» navbatida turganingizda, sizni gapga tortuvchi, zimdan kuzatuvchi, o`zaro suhbatlaringizga aralashuvchi, «domla»ning suvni teskari oqizuvchi nafasi borligini aytib, o`z qizining baxti ochilib ketganini reklama qiluvchi, siz haqingizda ayrim gaplarni bilib olib, «domla»ning qulog`iga shipshitib chiquvchi «maxsus odamlari» borligini bilasizmi? Qo`ying, kimnidir kimgadir bog`lash yoki ayirish uchun vositachi qo`ymang, hatto siz odamlarga yomonlik istamayotgan bo`lsangiz ham hammasini taqdir hukmiga qo`yib bering, uning o`zi barini joy-joyiga qo`yadi.
«O`G`LIMNI QAYTARIQ QILDIRDIM...»
Malohat opa, 52 yosh:
– O`g`lim 28 yoshga to`ldi. Bir yildan beri turmushidan ajralgan juvonga ilakishib qolgandi. Har qancha gapirsak ham gap kor qilmadi, otasining nasihati, hatto ur-tepkisi ham yo`lidan qaytarolmadi. Oxiri yaqinlarimning maslahati bilan bir «odami bor» ayolga bordim. U menga o`g`limning kiyim, sochlarini olib kelishimni aytdi. Aytganlarini bajargandim, yaxshilab «o`qib berdi». O`g`lim shu kunlarda kechalari ketib qolmayapti, shukr.
ASLIDA: Bizning aybimiz, muammoning sababini hech qachon o`rganmasligimizdir. Shuning uchun ham kim qanday echim aytsa, ishonib ketaveramiz. O`zimizni har cho`qqiga uramiz. Nega bo`z yigit 28 yoshgacha uylantirilmadi? Opasi erga tegdi, singlisini uzatishga to`g`ri keldi, yillar o`tdi, tengdoshlari uylanib, bolali bo`layotgan bir paytda yigit ham oromni ko`chadan izladi va topdi. Yoki aksincha, qizimizning yurish-turishi odob doirasida emas, yoki bo`lmasa, oilamizda kunu tun janjal, shuning uchun ham eshigimizdan sovchilar aylanib o`tayotgan, yoki shunchaki tengi topilmayotgan qizimizni qaysidir «dushmanlarimiz» ning «issiq-sovug`» idan «qaytariq» qilib, taskin topmoqchi bo`lamiz. Keling, duoi fotihamizni boshqalarga ishonmay, o`zimiz qilaylik-da, yaxshisi, baxtimiz va muvaffaqiyatsizliklarimizga to`siq bo`layotgan muammolarimizni o`rganib chiqaylik va bartaraf etaylik.
«HOMILADOR BO`LASAN DEGANDI, AMMO...»
Gulnoza, 27 yosh:
– 7 yilga yaqin xomilador bo`lolmay, qilmagan ishim qolmadi. Tibbiyot yordam berolmagach, qaynonam sho`rlik «bir oydan keyin boshqorong`i bo`ladi» deb aldagan bir firibgar «o`qiydigan ayol» ga palon million so`mlik tilla komplektlarini sovg`a qilib yubordilar. Odam boshiga ish tushganda hammadan shubhalanadi, najot kutadi va xatoga yo`l qo`yar ekan. Nochor vaziyatingdan esa ustomonlik bilan foydalanadigan odamlar bo`larkan. «To`yingiz kuni kimdir sizlarni issiq-sovuq qilgan» deganlar ham bo`ldi. Kelin erini o`ziga “isitib”, qaynona o`g`lini qizg`anib, “sovutib” yurganini, ikki orada o`g`il bechora jinni bo`layozganini eshitganman. Bunday masalalarni jiddiy o`ylab ko`rish kerak. Hozir shuni tushundimki, nimaiki biz o`ylagan vaqtda sodir bo`lmayaptimi, demak bu hayot sinovi, taqdir imtihoni. Katta-kichik sinovlar esa ko`p bo`ladi, iymoni butun odam bunday imtihonlarda dinimiz qaytargan ishlardan nari yuradi.
IYMONNI MUSTAHKAM QILING!
Islom dini olimlari tomonidan aytilgan odamlarga taskin beruvchi shunday mulohazalar bor: «Mo`min banda hamma narsa Allohning qazoi qadari va xohishi bilan sodir bo`lishiga imon keltiradi. Sehr-jodu, amallar, ko`z tegishi-odamning kuchi bilan emas, faqat Allohning izni bilangina bandaga zarar etkazadi». Demak, o`z hayotini yo`lga qo`yolmay, tirikchiligini «jinlari» bilan o`tkazadigan, dinda bu ish bilan shug`ullangan odam imondan chiqishi haqida aytilgan bo`lsa ham, odamlarning ko`ziga uyida tasbeh, joynamoz osib qo`yib, childirma chalib o`tirib, boylik topadigan bir guruh yolg`onchi «azayimxon»larga ishonmay, sabab va himoyani kishi o`zidan izlashi lozim. Xotirjam bo`lingki, pokiza yurgan, nafaqat amallari ezgu, balki xayollari ham yaxshilik bo`lgan odamga yomonlik yaqinlasha olmaydi.
Aslida, taqdir degan azaliy bitikda ikki yo`l bo`ladi: to`g`ri va noto`g`ri. Taqdir sinovlarida to`g`ri yo`ldan borsak, mukofotini ko`ramiz, albatta. Oiladagi arzimagan kelishmovchiliklarni deb, farzandimiz, kelinimiz, qaynonamizning ruhiy olamiga doxil bo`lishdan saqlanaylik. Ko`pchiligimizda kuzatilgan holat: «boshim og`riyapti» deb kimnidir aldasak va o`zimizni kasaldek tutsak, biroz o`tmay, chindan ham boshimiz qattiq og`rib qoladi. Biz atay yomonlik istab tursak, nafrat bilan yashasak, yonimizdagi odamga ham uning ta`siri bilinadi, «ana, «domla»ning «amali» kor qildi, deb suyunmasdan, muammoni ildizi bilan qo`porishga urinaylik, munosabatlarni mulohaza va murosa yo`li bilan hal qilaylik.
Aziza QURBONOVA





