Majlisda deputatlar Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanganidek, Samarqand shahrining me’moriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, shuningdek, hududning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni ta’minlash hamda servis xizmatlar turlari va sifatini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, hududda 2023 – 2030-yillarda “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar-joylar kompleksini barpo etish direksiyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining taklifiga asosan, Samarqand tumanidan 170 gektar va Oqdaryo tumanidan 243 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Majlisda qaror loyihasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari Samarqand shahar, Samarqand va Oqdaryo tumanlari hamda viloyat Kengashlarida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullanganligi qayd etildi. Shuningdek, qaror loyihasida hududning chegaralarini o‘zgartirish va unda belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirish maqsadida Hukumatga kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Mazkur tuman va shahar chegaralarining o‘zgarishi bilan “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi tashkil etilib, ushbu hududda
254 ta ko‘p qavatli uy-joylar, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazlari, 50 ta ijtimoiy soha obektlari, 89 ta ko‘ngilochar va savdo komplekslari hamda tarixiy shaharcha barpo etiladi.
Bundan tashqari, hududda 112 km ichki yo‘llar, piyodalar va velosiped yo‘laklari, 6 km yer usti metro yo‘li, 2 ta katta ko‘prik hamda 7,2 km ichki kommunikatsiya uchun tonnel, 180 km irrigatsiya quvuri hamda 14 km kanal va ko‘plab sug‘orish inshootlari quriladi.
Deputatlarning fikricha, kiritilayotgan o‘zgartishlar kelgusida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Majlisda qaror loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.