Navoiy viloyati IIB Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 18 yanvardan 19 yanvarga o‘tar kechasi Navoiy shahrining Islom Karimov ko‘chasida xizmat olib borayotgan Navoiy viloyati IIB YHXB yo‘l-patrul xizmati inspektori Jasurjon Muhammadov davlat raqamisiz, yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlangan Kia Sonet avtomashinasi haydovchisiga to‘xtash ishorasini qilgan.
Ammo haydovchi inspektorning talabiga bo‘ysunmasdan yo‘l harakati qoidasini buzgan holda inspektorni urib yuborgan va voqea joyidan qochib ketib yashiringan. Inspektor esa hodisa joyida vafot etgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida 2008 yilda tug‘ilgan, Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi S.M otasiga tegishli Kia Sonet avtomashinasini hujjatsiz boshqargani aniqlangan. Mashina yashirib qo‘yilgan joyidan topilib, jarima maydoniga joylashtirilgan.
Hozirda holat bo‘yicha Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.